5-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda nogironli bo‘lgan abituriyent qizni yelkasida ko‘tarib, imtihonga olib kirib ketayotgan ichki ishlar xodimining surati tarqaldi.

“Bizga shunday IIB xodimlari kerak”, — deya yozib qoldirdi Telegram`dagi Safar blogi muallifi surat izohiga.

Shu kuni kechqurun Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ichki ishlar xodimini taqdirlagan. Taqdirlash marosimi futzal bo‘yicha DXX kubogi hududiy final bosqichining ochilish marosimida bo‘lib o‘tgan.

Viloyat hokimi sahnaga taklif etilgan xodimni bag‘riga bosib, qo‘lini siltab, qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Test imtihonlari bo‘lyapti, shu bola — ichki ishlar xodimi bir nogiron qizni qo‘lida ko‘tarib, imtihonga olib kirdi”, — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

andijon, iib xodimi

“IIB xodimining xizmatiga butun dunyo tan beryapti. Andijonimizning IIB xodimi qanaqa ekanligini mana shu bolam ko‘rsatib qo‘ydi”, — dedi hokim.

“O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!” — dedi xodim Sardorbek Ubaydullayev bunga javoban.

Shu kuni Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jahongir Sag‘dullayev ham nogironlik aravachasidagi qizni imtihonga kuzatib qo‘ygan ichki ishlar xodimi suratini e’lon qildi.

andijon, iib xodimi

“Xalq xizmatchisimiz”, — deya rasmga izoh yozgan viloyat IIB vakili.