Aziz Abduhakimov “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgani, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilishiga yo‘l qo‘yilgan va boshqa kamchiliklar yuzasidan qilgan ma’ruza qilgandi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan prokuratura o‘rganish ishlarini boshlangani haqida xabar qilindi. 5-avgust kuni BP ushbu o‘rganish natijalari yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘chatlar sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ekilishi hamda mas’ullarning e’tiborsizligi natijasida jami 333,1 ming tup ko‘chatlar nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgani, bajarilgan ishlar hajmiga elektron platforma orqali amalda ekilmagan jami 136,1 ming tup ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlandi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida obodonlashtirish xizmati tomonidan jamoat joylarida 127,5 ming tup ko‘chat ekilgani qayd etilsada, amalda ko‘chatlarning aksariyati (90 foizi) qayta ekish uchun mo‘ljallangan pitomniklardagi qalamchalar bo‘lib, markaziy ko‘chalarga ekilgan ko‘chatlarning 30 foizi sug‘orilmagani va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmaganligi natijasi qurib, o‘suvchanlik qobiliyatini yo‘qotgan.

Shu kabi, Sirdaryo viloyatida jami 1355 tup daraxt ko‘chatlari, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida ekilgan 3,5 ming tup ko‘chatlarning yarmidan ko‘pi qarovsizlik oqibatida nobud bo‘lgan.

Prokuratura ma’lum qilishicha, joylarda mas’ullar tomonidan amalda ekilmagan ko‘chatlarni hisobotlarda qo‘shib ko‘rsatish bilan birga, ko‘chat ekilishi uchun ajratilgan mablag‘lar talon toroj qilingan. Masalan, Navoiy viloyati Uchquduq tumanida 2435 tup amalda ekilmagan ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilib, budjetdan ajratilgan mablag‘lar obodonlashtirish tizimi xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan.

Shu sababli, barcha hududlarda 2023-yilning bahor oyida mahalliy budjetlar hisobidan umummilliy loyiha uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilayotgani qayd etilgan.

Hozirga kelib, o‘z vazifalarini bajarishga mas’uliyatsizlik bilan qarab, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlarining qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalasi hal etilmoqda.

Prokuratura organlari tomonidan tegishli o‘rganishlar davom ettiriladi.