Bahorda “Gazeta.uz” 2019-yilda Qibray tumanida 13 yoshli qizning qo‘shnisi tomonidan zo‘rlangani haqida Nemolchi.uz loyihasining maqolasini e’lon qilgandi. Jinoyat sodir etilgan vaqtda 27 yoshli Sharipov Sh. oddiy fuqaro bo‘lgan, keyinchalik u Milliy gvardiyaning “Qo‘riqlash” boshqarmasida oddiy askar bo‘lib ishga kirgan.

AQShda yashovchi qizning oilasi (zo‘rlash yozda qiz Toshkent viloyatidagi buvisining oldiga kelganda sodir bo‘lgan) ishni sudga yetkazish uchun ko‘p kuch sarflab, ko‘plab to‘siqlarga, davlat idoralarining loqaydligiga va hatto gumondor tomonidan tahdidlarga ham duch kelgan.

“Ikki yil davomida ish sudgacha yetib bormagan. Jinoyat ishi da’vo muddati o‘tib ketgani va dalillar yo‘qligi vaji bilan yopilardi. Ish Qibray tuman prokuraturasi, Harbiy prokuratura, Bosh prokuraturaga oshirildi. Senatorlar va Bolalar ombudsmaniga ham murojaat qilganmiz. Hammasi behuda”, — dedi qizning ota-onasi Nemolchi.uz loyihasiga.

Nemolchi.uz`da e’lon qilinganidan so‘ng O‘zbekistondagi barcha internet nashrlari ushbu jinoyat haqida yozishdi. Shundan keyingina jinoiy ishi qayta qo‘zg‘atildi. Ish nihoyat sudgacha oshirilgani ma’lum bo‘ldi.

“Ish o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi, Toshkent viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Qosimov Azamatga topshirildi. U va uning qo‘l ostidagi xodimlar eng qisqa vaqt ichida katta ishni amalga oshirdi, tergovchi doimo biz bilan aloqada bo‘ldi, jinoyatchining aybini isbotlash uchun barcha guvohlarni chaqirdi va tergovga yordam berishi mumkin bo‘lgan barchasini qildi”, — dedi qizning ota-onasi.

“29-iyul kuni tergov harakatlari yakunlanib, dastlabki sud majlislari o‘tkazildi va ish yaqin kunlarda bo‘ladigan sudda qoldi. Odil sudlovdan umid qilamizki, vaqt yo‘qotilganiga qaramay, jinoyatchi jazolanadi, toki kelajakda bunday jinoyatlar takrorlanmasligi va sukut, qo‘rqitish va yollanma advokatlarning ko‘pligi niqobi ostida zo‘ravonlik jazosiz qolmaydi”, — deya qayd etdi ular.

Voqeaning to‘liq tafsiloti bilan aprel oyida e’lon qilingan maqolada tanishishingiz mumkin.