Azon media guruhi (Azon.uz sayti, Azon FM onlayn radiosi, Azon TV onlayn televideniyesi) barcha loyihalarni to‘xtatdi. Bu haqda Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Azon New Media asoschisi Alisher Tursunov ma’lum qildi.

“Azon.uz barcha loyihalarini to‘xtatdi. Sabablarini keyinroq, ma’qul topilsa ma’lum qilinadi”, — deb yozdi u.

O‘zbekistonda islom dini mavzusiga ixtisoslashgan Azon.uz 2017-yil avgust oyidan beri faoliyat ko‘rsatmoqda. Onlayn nashrning ko‘zlangan maqsadlari “aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, din va ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarga hissa qo‘shish, mamlakat va xorijdagi voqealarni tahlil qilish” deb ta’kidlanadi saytda.

Nashrning ijtimoiy tarmoqlardagi veb-sayti va sahifalari ochilmayapti. Azon TV YouTube sahifasining (1,2 milliondan ortiq obunachiga ega) nomi Fikrat deb o‘zgartirildi, diniy videolar olib tashlandi.

2021-yil iyun oyida sud Azon.uz saytining to‘rt nafar rahbarini diniy materiallarni ekspertizasiz chop etgani uchun jarimaga tortdi. Sobiq bosh muharrir Abdulaziz Muborak buni “sayt ovozini o‘chirishga urinish” deb atadi. Bunga norozilik sifatida Kun.uz sayti (u ham diniy mazmundagi materiallar uchun jarimaga tortilgan) yangiliklarni chop etishni vaqtincha to‘xtatgandi.

Similarweb platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Azon.uz saytiga oyiga o‘rtacha 400−500 mingdan ortiq kishi tashrif buyurib kelgan.