1-avgust kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Senatning qirq uchinchi yalpi majlisini 2023-yilning 4-avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, Kengash majlisida suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanilib, har gektarga suv sarfi texnologik ilg‘or davlatlarga nisbatan 2−2,5 barobar ko‘p. Irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklar tufayli ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar mavjud.

Yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida Senat tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohaga tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.

Ishchi guruh tomonidan suv resurslarini muhofaza qilish, undan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan barcha soha va tarmoqlardagi muammolar va ularni hal qilish choralari qamrab olingan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Muhokamalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Avvalroq Toshkent shahrida ayrim paytlarda suv sarfi aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrgachani tashkil etishi ma’lum qilingandi.