O‘zbekistondagi yangi qurilgan ko‘p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasdan foydalanib kelinmoqda. Bu haqda Senatning 43 yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Qutbiddin Burxanov ma’lum qildi.

18-iyun kuni Toshkent shahar Yangihayot tumani “Yangi Darxon” mahallasidagi ko‘p qavatli uyning liftida yuzaga kelgan nosozlik oqibatida 11 nafar fuqaro jabr ko‘rgandi. Burxanovning ma’lum qilishicha, shundan so‘ng qo‘mita tomonidan mamlakatdagi liftlarning holati hamda ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli o‘rganilgan. Natijada bu borada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.

“Birinchidan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga ko‘p kvartirali uylardagi liftlarning texnik holati belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash, ularning davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishini nazorat qilish, nosoz liftlardan foydalanishni taqiqlash choralarini ko‘rish kabi qator vazifalar yuklatilgan. Biroq, bu vazifalarni amalga oshirishi uchun inspeksiya zarur vakolatlarga va yetarli mutaxassislarga ega emas”, — dedi senator.

Ta’kidlanishicha, yangi qurilgan ko‘p xonadonli uy-joylarni davlat hay’ati qabul qilish komissiyasi tarkibiga inspeksiya kiritilmagan. Oqibatda mutaxassislarning tegishli xulosasi olinmasdan, ya’ni lift qurilmalari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olinmasdan hamda xavfsizlik tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilmagan tarzda liftlar foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, mamlakatdagi yangi qurilgan ko‘p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasdan foydalanib kelinmoqda.

Ikkinchidan, hozirgi tartibga muvofiq, ko‘p xonadonli uylarda o‘rnatilgan liftlarning texnik holatini nazorat qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq funksiyalar amalda ikkita davlat organi — ham Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, ham Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

“Aslida bu ikki tuzilma ham o‘z vazifalarini to‘laqonli bajara olish imkoniyatiga ega emas. Xususan, mamlakatimizdagi jami 4 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarda qariyb 11 mingdan ortiq liftlar mavjud. Tegishli me’yoriy texnik hujjatlar talabiga muvofiq ular har oyda texnik ko‘rikdan va 12 oyda bir martda to‘liq texnik sinovdan o‘tkazilishi zarur. Holbuki, har ikkala inspeksiyaning ana shu birgina vazifani amalga oshirish uchun ham moddiy-texnik, tashkiliy va boshqa imkoniyati yo‘q. Oqibatda qonunchilikda, jumladan Hukumat qarorlarida belgilangan muhim qoidalarning ijrosi ta’minlanmayapti”, — dedi senator.

Uning qayd etishicha, buning eng yomon tomoni shundaki, odamlarning xavfsizligi to‘liq kafolatlanmayapti, qolaversa, turli davlat idoralari amalda bajarilmaydigan hujjat qabul qiladigan tuzilmalar sifatida taassurot uyg‘otmoqda.

“Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-iyundagi qaroriga asosan 2021−2023-yillar oralig‘ida jami 1685 ta lift uskunalari ta’mirlanishi va yangisiga almashtirilishi rejalashtirilgan. 2023-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, 1222 ta lift ta’mirlangan va yangisiga almashtirilgan. Mutasaddilar tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra qolgan 463 tasini belgilangan muddatda ta’mirlash yoki almashtirish esa turli sabablarga ko‘ra (2020-yildagi narxlar bilan bugungi kundagi narxlar orasidagi farq sababli) shubha ostida qolmoqda”, — dedi qo‘mita raisi.