“Gazeta.uz” payshanba kuni Toshkentdagi Freedom Payments xorijiy kompaniyasining ofisiga niqobli odamlar kelgani haqida yozgandi. Tahririyat manbalari xodimlarni hibsga olingani haqida xabar berdi.

Toshkent shahar IIBB vaziyatga izoh berdi, ammo ma’lumotda kompaniya nomi ko‘rsatilmagan. Idoraning ta’kidlashicha, ichki ishlar boshqarmasining tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bo‘yicha jinoyat ishi doirasida fuqarolarning plastik kartalaridan 12 mlrd so‘m o‘g‘rilangani bo‘yicha tergov olib bormoqda.

“Jinoyatni to‘liq fosh qilish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipini ta’minlash, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplatish choralarini ko‘rish maqsadida bir qator tezkor-tergov harkatlar olib borilmoqda. Tergov jarayonida plastik kartalardagi pullar turli to‘lov tizimlari orqali xorijiy davlatlarga chiqib ketganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Jinoyat ishi doirasida poytaxtdagi to‘lov tizimi kompaniyalaridan birida tekshiruv o‘tkazilgan. Tergov davomida hech kim hibsga olinmagan, kompaniya xodimlaridan ushbu fakt bo‘yicha tushuntirish olingan.

Freedom Technologies kompaniyalar guruhi bosh direktori Roman Minikeyev avvalroq Freedom Payments xodimlarini tekshirish mamlakatdan kapital olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha standart jarayon bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Freedom Payments kompaniyasi O‘zbekistonda shaffof va Qonunchilik doirasida mamlakat Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziyaga muvofiq faoliyat yuritmoqda, shuningdek, unda katta xavf-xatarlar yo‘q. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi bir qator boshqa to‘lov tashkilotlari ham xuddi shunday tekshiruvlardan o‘tmoqda.