“Gazeta.uz” payshanba kuni Toshkentdagi Freedom Payments xorijiy kompaniyasi ofisiga niqobli odamlar kelgani haqida yozgandi. Bizning manbalarimiz xodimlarning hibsga olinganini xabar qilgandi.

Freedom Technologies kompaniyalar guruhi bosh direktori Roman Minikeyev tahririyatga bu bo‘ycha izoh berdi.

“Freedom Pay kompaniyasi yillar davomida faoliyatida benuqson obro‘ga ega ishonchli va samarali hamkor sifatida o‘zini tavsiya qilib keldi. Tashkilot hozirda odatiy rejimdagi faoliyatini davom ettirmoqda. O‘z navbatida, 2023-yil 3-avgustda kompaniyada o‘tkazilgan tekshiruv davlat organlarining xorijiy kompaniyalar va banklar tomonidan kapitalning mamlakatdan olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha standart jarayon bilan bog‘liq”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Freedom Pay O‘zbekistonda qonunchilik doirasida, mamlakat Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziyaga muvofiq faoliyat yuritadi.

“Freedom Pay`ning mamlakatdagi faoliyati butunlay shaffof va yuqori risklarga ega emas. Grafikka muvofiq daromadlar va aylanmalar bo‘yicha moliyaviy hisobotlar tartibga soluvchi organ — O‘zbekiston Markaziy bankiga taqdim etiladi”, — deyiladi Roman Minikeyev bayonotida.

Bayonotda ayni damda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa bir qator to‘lov tashkilotlari ham monitoring qilinayotgani qayd etilgan.

Bu bo‘yicha davlat organlari va boshqa kompaniyalar tomonidan hozircha hech qanday bayonot berilmadi.