Farg‘onada taksi haydovchisi va fuqaroning janjali vaqtida yetkaziladigan zararni oldini ola bilmagan IIB xodimlari ishdan olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun viloyati IIB patrul-post xizmati otryadi safdor xodimlari V.N., E.P hamda guruh komandiri kapitan Z.O. egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan.

Shuningdek, Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni komandiri H.S.ga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-avgust kuni Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sh. S. Yandex Go firmasiga taksi buyurtma qilgan. Buyurtmani haydovchi Farg‘ona shahrida yashovchi, 21 yoshli I.R. qabul qilgan va birozdan so‘ng boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasida S.Sh. turgan Sohibqiron Temur ko‘chasiga yetib kelgan.

Biroq fuqaro haydovchining telefoni o‘chib qolgani va uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganidan jahli chiqib, o‘zaro janjallashgan va haydovchining avtomashinasi oynalarini tosh bilan urib, sindirib yuborgan.

Haydovchi ushlanib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.