2-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy budjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, aholida ajratilayotgan subsidiyalar egalariga yetib bormayotgani bo‘yicha e’tirozlar ko‘p.

Mahalla raislari va hokim yordamchilari bandlik, yoshlar va ayollar jamg‘armalari orqali berilayotgan subsidiyalar, oilaviy kreditlar hisobidan mehnat qurollari va tadbirkorlik uchun zarur mahsulotlarni xarid qilish tizimidan ham norozi. Mablag‘lar aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmasdan, Mahallabay va Yoshlar agentliklari hamda Markaziy bankning “market pleyslari” orqali “tenderlarda g‘olib bo‘lgan ta’minotchilar”ga o‘tkazib beriladi.

“Ya’ni aholida tanlov yo‘q, agentlik yoki bankning elektron platformalaridagi sotuvchilar nimani qancha narxda taklif qilsa, aholi shuni olishga majbur”, — deya ma’lum qildi Sherzod Asadov.

Prezident Bosh prokuratura, Hisob palatasiga imtiyozli mablag‘lar hisobidan aholiga mahsulot va xizmatlar taqdim qilayotgan “market pleyslar” faoliyati shaffofligini tekshirishni topshirdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19 foizdan 16 foizga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani ta’kidlandi. Lekin haligacha qariyb 3 trillion so‘mlik kreditlar qaytmagan.

Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank” hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz.

Bundan tashqari, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2,5 mingta holatda 68 milliard so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.

Shu munosabat bilan davlat rahbari Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlarini, Xalq bankining Namangan va Surxondaryo, “Agrobank”ning Andijon va Farg‘ona hamda “Mikrokreditbank”ning Toshkent viloyatlari rahbarlarini lavozimidan ozod etishni tavsiya qildi.

Muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish haqida gapirildi.

Hisob palatasi 2022-yilning iyun oyida banklar barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan qarz oluvchilardan qariyb 150 milliard so‘m, jumladan, davlat xizmatchilari va bank xodimlaridan 89,3 milliard so‘m muammoli kreditlarni undirmagani haqida ma’lum qilgandi. NPL ko‘rsatkichi o‘sha paytda Namangan, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida yuqori darajada bo‘lgan.