Dunyo bo‘ylab har yili 1,3 millionga yaqin odam passiv chekish (tamaki tutunidan nafas olish) oqibatida vafot etmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) 2023-yil uchun global tamaki epidemiyasi bo‘yicha hisobotida so‘z borgan.

“Har yili 1,3 millionga yaqin odam bunday tutunlar ta’siridan vafot etadi. Bu o‘limlarning barchasining oldini olish mumkin. Passiv chekish yurak-qon tomir, nafas olish yo‘llari, onkologik kasalliklar, insult va 2-toifa diabetdan o‘lim xavfini keltirib chiqaradi”, — deya qayd etadi hisobot mualliflari.

JSST so‘nggi 10,5 yil ichida tamaki nazorati sohasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni ijobiy baholadi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 71 foizi MPOWER chora-tadbirlari — tamaki nazorati bo‘yicha JSST tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar to‘plami bilan u yoki bu tarzda qamrab olingan.

MPOWER tamaki iste’molini monitoring qilish, odamlarni tamaki tutunidan himoya qilish, odamlarga chekishni to‘xtatishga yordam berish, tamaki bilan bog‘liq xavflardan ogohlantirish, tamaki reklamasini taqiqlashni amalga oshirish va tamaki mahsulotlariga soliqlarni oshirishni o‘z ichiga oladi.

Oxirgi 15 yil ichida dunyoda chekishning tarqalishi 2007-yildagi 22,8 foizdan 2021-yilda 17 foizgacha kamaydi. “Agar bu nisbat kamaymaganida, bugungi kunda yana 300 million qo‘shimcha chekuvchi bo‘lardi”, — deyiladi hisobotda.

Biroq dunyoning 2,3 milliard aholisini tashkil etuvchi 44 mamlakat MPOWER choralarining hech birini qabul qilmagan. Tamaki epidemiyasi har yili 8,7 million odamning o‘limiga sabab bo‘ladi va tamaki iste’moli “jamoat salomatligi uchun asosiy tahdidlardan biri” bo‘lib qolmoqda, — deydi JSST.

“Harakatlarimiz samara bermoqda, ammo juda ko‘p odamlarning hayoti xavf ostida qolmoqda. Chekish dunyoda oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda”, — dedi JSSTning global elchisi Maykl Blumberg.

Avvalroq “Gazeta.uz” JSSTning chekishni tashlash uchun ishlab chiqqan 100 dan ortiq sabablarini keltirgandi.