O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning 26 ta shahar va tumanlari davlat soliq inspeksiyalari rahbarlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq berdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Ular — Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Ulug‘nor, Olot, Paxtakor, Namangan, Mingbuloq, Chust, Koson, Muborak, Dehqonobod, Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Muzrabot, Xiva, Xonqa, Kitob tumanlari hamda Buxoro, Kogon, Samarqand, Angren, Bekobod, Olmaliq, Nurafshon, Urganch shaharlari soliq idoralari rahbarlari.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish orqali soliq bazasini kengaytirish muhokamasi chog‘ida ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorini ma’lum qildi.

Birinchi yarim yillikda respublikada soliq tushumlari 76,3 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 107,5 foizga o‘sdi. Ushbu davrda 2,3 trln so‘m mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldirildi.

“Lekin bu mavjud salohiyatimizdan ancha kam. Tan olish kerak — kundan-kunga o‘sayotgan iqtisodiyotimizning samarasi budjet daromadlarida to‘liq ko‘rinmayapti. Bu borada tadbirkorlarni ayblab bo‘lmaydi. Buning uchun soliq idoralari o‘z dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak”, — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, soliqchilar tadbirkorlarga pul undirish nuqtai-nazaridan emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘stirib, soliq bazasini kengaytirish manbai sifatida qarashi zarur.

Qayd etilishicha, bugungi kunda soliq tushumlarining 60 foizini Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi elektron tizim orqali joyiga chiqmasdan undirayotgani, lekin viloyat va tuman soliq xodimlari xotirjam bo‘lib o‘tirgani tanqid qilindi.

Misol uchun, bugungi kunda daromad solig‘i to‘layotgan korxonalar soni 425 mingtani tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 9 foizga kamaygan. Ayniqsa, bunday korxonalar Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 20 foizga, Toshkent viloyatida 14 foiz, Buxoro, Samarqand va Namangan viloyatlarida 12 foizga kamaygan.

Yoki, joriy yilning besh oyida 40 ta tumanda tadbirkorlar daromadi deyarli o‘zgarmagan, ayrimlarida hatto tushib ketgan.

Shu bilan birga, prezident soliq idoralari qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga eski zamon kasaliga berilib, ishlayotgan tadbirkorlarning tayyor mablag‘larini undirishga o‘rganib olganini qayd etdi. Masalan, 2022-yilda tadbirkorlar tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar hajmi 320 mlrd so‘mga oshib, 4,4 trln so‘m bo‘lgan.

“Afsuski, soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda”, — dedi prezident.

Bosh Prokuratura huzuridagi Departament nazoratni susaytirib yuborgani tanqid qilinib, unga soliqchilar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirish, ularni vaqtida qaytarmaslik, tekshirishdagi soxtakorlik kabi qonun buzilishlarning oldini olish bo‘yicha amaliy tizim yaratish topshirildi.

Shuningdek, budjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun:

  • Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisini lavozimidan ozod qilish;
  • iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari Dilshod Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Mubin Mirzayev, Jahongir Abdiyev, Sirojiddin Eshmatov, Mirziyod Mahkamov, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.