O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yana bir qator mansabdor shaxslar — 16 nafar hokimning birinchi o‘rinbosarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq berdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda ko‘plab sharoitlar yaratib berilganiga qaramasdan, Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli va Shumanay tumanlarida kambag‘allik darajasi yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlik sohasida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahrida ishlar sust tashkil etilgan.

Shu munosabat bilan Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli, Shumanay, Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi.

“Biz mahalladagi ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, biznesini boshlashi uchun har yili o‘nlab trillion so‘mlik kredit va subsidiyalar ajratayapmiz. Lekin, ularning samaradorligini baholaydigan tizim yo‘q”, — dedi prezident.

Misol uchun, so‘nggi uch yilda 300 ming ishsiz aholi kasbga o‘qitilgan bo‘lsa-da, ularning atigi 45 foizi doimiy ish bilan ta’minlangan. Vaholanki, bu ishlarga qariyb 1 trillion so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Shuningdek, jami 17 ta monomarkazda IT, agrotexnologiyalar, dizayner, elektron tijorat, logistika, reklama ishi, marketing kabi yuqori daromadli zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish ulushi 5 foizga ham yetmaydi.

Avvalroq prezident o‘sha yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimining qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari hokimlari va sektor mudirlarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgan edik. Shuningdek, viloyat hokimining yana ikki o‘rinbosariga hayfsan berdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi 26 ta soliq inspeksiyasi rahbarlari, ikkita viloyat davlat soliq boshqarmasi boshliqlarini egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq berildi, Soliq qo‘mitasi rais o‘rinbosarlariga esa hayfsan e’lon qilindi.