AQSh delegatsiyasi Qatarda Afg‘onistondagi hukmron “Tolibon” harakati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. 30−31-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xavfsizlik, inson huquqlari va Afg‘oniston iqtisodiyotining ahvoli muhokama qilindi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shma Shtatlar “Tolibon”ni Afg‘onistondagi inson huquqlari, ayniqsa, ayollar, qizlar va zaif qatlamlarga nisbatan yomonlashayotgan siyosatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

“AQSh rasmiylari hibsga olishlar, ommaviy axborot vositalarining repressiyalari va diniy cheklovlardan jiddiy xavotir bildirdi”, — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar “qo‘lga olingan Amerika fuqarolarini zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishni” talab qilib, “bu hibsga olishlar ijobiy hamkorlikka katta to‘siq bo‘lishini” ta’kidladi.

Shu bilan birga, AQSh delegatsiyasi Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyat yaxshilangani, jumladan, inflyatsiya pasayganini ta’kidlab, Afg‘oniston fuqarolariga qarshi yirik teraktlar soni kamayganini e’tirof etdi.

Tomonlar, shuningdek, “Tolibon”ning xavfsizlik kafolatlarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini, jumladan, “Tolibon”ning “Afg‘oniston hududidan AQSh va uning ittifoqchilariga tahdid qilish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi doimiy majburiyatini” muhokama qildi.

O‘z navbatida, “Tolibon” “Afg‘onistonliklar tashqi yordamga qaram bo‘lmasdan iqtisodiyotni rivojlantirishi” uchun “Tolibon” yetakchilarining harakatiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash va Afg‘oniston Markaziy bankining xorijiy aktivlarini qaytarishga chaqirdi.

“Afg‘on banklari bo‘yicha operatsiyalarni osonlashtiradigan ko‘pgina cheklovlarning olib tashlanishi ijobiy holat sifatida ko‘rilmoqda. Ikki tomon ham bunday uchrashuvlar davom etishini ta’kidladi”, — deyiladi Afg‘oniston TIV bayonotida.

“Tolibon” Afg‘onistonda 2021-yil avgustida, AQSh qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqib ketilganidan so‘ng darhol hokimiyatga qaytgan. Buning ortidan Qo‘shma Shtatlar “Tolibon”ga qarshi sanksiyalar kiritdi va Afg‘onistonning Amerika bank hisoblarida saqlanayotgan davlat zaxiralarini muzlatib qo‘ydi.