“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi birinchi bor 2020-yil noyabr oyida taqdim etilgandi, biroq 2-may kundagi majlisda unda keltirilgan quyidagi takliflar yangramagandi:

  • pedagoglarning pensiya yoshi besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olishi;
  • pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar to‘lash;
  • Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimni — kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari OTMning pedagogika yo‘nalishiga [sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli] suhbat asosida o‘qishga qabul qilish.

2-may kungi majlisda ayrim deputatlar ushbu qonun loyihasini yana ham takomillashtirish kerakligini qayd etgandi va ikkinchi o‘qishgacha loyihani takomillashtirish vazifasi qo‘yilgandi. 1-avgust kunidagi majlisda qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonunda pedagog tushunchasi, pedagogning maqomi, uning huquq va majburiyatlari hamda pedagog faoliyatining asosiy kafolatlari belgilangan. Xususan, loyihada quyidagilar taklif etilmoqda:

  • pedagog xodimlarining huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;
  • pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;
  • ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish;
  • davlat ta’lim tashkilotlarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan pedagogning bazaviy lavozim maoshiga to‘lanadigan ustamaning miqdorlarini qonun darajasida belgilash;
  • davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar, birlamchi o‘quv-uslubiy materiallar va o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlash;
  • pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan shaxslar toifalarini belgilash;
  • davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazish;
  • pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanish.

Qonunda o‘zgartirishlardan biri shundaki, birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan loyihaning 2-moddasiga ko‘ra, qonun asosiy ish faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga va harbiy ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilangandi. Endi ushbu modda o‘zgartirilib, pedagoglik maqomi ushbu shaxslarga ham tegishli ekani belgilandi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.