2023-yil iyul oyida O‘zbekistonda 0,2 foizlik deflyatsiya qayd etildi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida ma’lumot berildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksining pasayishi oziq-ovqat mahsulotlarining so‘nggi bir oyda o‘rtacha 0,9 foizga arzonlashgani hisobiga kuzatilgan, bu davrda nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 foizga, xizmatlar esa 0,5 foizga qimmatlashgan.

Yil boshidan buyon (yanvar-iyulda) inflyatsiya 3,3 foizgacha pasaydi (o‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 3,45 foizni tashkil etgan). Yillik inflyatsiya (o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan) 9,8 foizgacha pasaydi — bu 2016-yil avgustidan beri eng past ko‘rsatkich (8,6 foiz). Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 10,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,3 foizga, xizmatlar 8,2 foizga qimmatlashdi.

Iyul oyida alohida mahsulotlar bo‘yicha guruch va guruch oqshog‘i 1,7 foizga (yillik hisobda — 50,6 foizga), suyakli mol go‘shti — 0,7 foizga (13 foizga), qo‘y go‘shti — 0,5 foizga (12,5 foizga) qimmatladi.

Bir qator asosiy oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashdi. Un narxi yana 2,1 foizga (yil davomida -5,5 foiz), tuxum 4 foizga (narxi bir yilda 12,2 foizga oshgan), kungaboqar yog‘i 3 foizga (-14,7 foiz), shakar 4,6 foizga (+5,6 foiz), sut 2,8 foizga (-17,5 foiz)ga arzonladi.

Meva-sabzavotlardan o‘tgan oyda bodring (+8,1 foiz), qovun (+6,3 foiz), sabzi (+5,9 foiz), limon (+4,9 foiz), uzum (+4,4 foiz), olma (+3,5 foiz) qimmatlagan. Baqlajon 37,6 foizga, bulg‘or qalampiri 36,8 foizga, pomidor 30,5 foizga, piyoz 20,2 foizga arzonladi.

Yillik hisobda limon 2,1 baravarga, karam 39,9 foizga, mandarin 33,8 foizga, sabzi 23,3 foizga, olma 22,5 foizga, nok 18,5 foizga, uzum 11,8 foizga qimmatlagan.

Alkogolli ichimliklar 0,2 foizga (yil davomida 12,3 foizga), tamaki mahsulotlari 1 foizga (+11,6 foizga) qimmatladi.

O‘tgan oydagi kabi iyul oyida ham benzin narxi barcha hududlarda respublika bo‘yicha o‘rtacha 2 foizga oshdi. Gaz yonilg‘isi narxi deyarli o‘zgarmadi.

Aviakompaniya xizmatlari narxi 4,3 foizga oshdi, bu milliy valyutaning yevroga nisbatan kursining o‘zgarishi bilan izohlanadi. Temiryo‘l transporti xizmati 1,2 foizga qimmatlashdi.

Iyul oyida umumiy ovqatlanish xizmatlari to‘qqizta viloyatda o‘rtacha 0,2 foizdan 2,3 foizgacha qimmatlashdi.

O‘zbekistonning to‘rtta hududida mehmonxona xizmatlari qimmatlashdi (1,7−2,4 foiz oralig‘ida), dam olish markazlarida narxlar barqarorligi saqlanib qoldi.

Palov indeksi (oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgarishini tushunishga yordam beradigan bigmak indeksi va olive indekslarining analogi) deyarli o‘zgarmadi. Qashqadaryo viloyatida palovning bir porsiyasi narxi 2,5 foizga oshdi, qolgan viloyatlarda narxlar o‘zgarmadi yoki 1 foizga oshdi.