Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi Temiryo‘l dehqon bozori oldidagi mehmonxonalarning birida qotillik ro‘y bergani to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, Samarqand shahri “Nurli yo‘l” mahallasida joylashgan mehmonxonada 30 yoshli ayolning murdasi bo‘yin sohasidan bo‘g‘ilgan holatda topilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Ishtixon tumanidagi biolaboratoriya hududidan erkak jasadi, Farg‘ona shahridagi qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgani haqida xabar berilgandi.