2023-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilarining 6 nafarida erta tug‘uruq holati aniqlangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiysi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

31-iyul kuni AOKAda vazirlik rahbariyati matbuot anjumani o‘tkazib, OAV vakillarining savollariga javob berdi. Xususan, vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Kamolov maktablarda kuzatilayotgan erta homiladorlik va erta tug‘uruq holatlariga oid savolga javob qaytardi.

“Umumta'lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida erta homiladorlik va erta tug‘uruq holatlarining oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar: Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, joylardagi mahalla faollari hamda maktab psixologlari, sinf rahbarlari, maktab direktorining ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan yaqin hamkorlikda ishlar olib borilmoqda”, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi davr davomida kuzatilgan erta tug‘uruq holatlarining 2 tasi Qashqadaryoda qayd etilgan. Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan holat kuzatilgan. “Tahlillarga ko‘ra, bularning aksariyati yozgi ta’til davrida yoki maktabdagi o‘qishdan tashqari paytlarda sodir bo‘lgan. Lekin bu maktab mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, degani emas”, — deya qo‘shimcha qildi Azamat Kamolov.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarining aytishicha, o‘quvchi qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, sog‘liqni saqlash xodimlari bilan bu kabi holatlarning oqibatlarini tushuntirish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar o‘tkazib kelinadi.