Tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, 29-iyul kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. U “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi rahbarlaridan salbiy mazmundagi maqolani internetda tarqatmaslik evaziga 10 000 dollar talab qilganlikda ayblanmoqda.

Blogerning ukasi Salimjon Haydarovning “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ishontirishicha, huquq-tartibot organlari o‘tkazgan tezkor tadbir uyushtirilgan.

“Akamni hibsga olingani haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqlar orqali bildik. Keyin o‘zi Qo‘qon shahar IIBdan imkon topib, qo‘ng‘iroq qildi. Uning aytishicha, Bog‘dod tumanida ko‘chada tanishi bilan gaplashib turganida ichki ishlar xodimlari kelib, qo‘lini orqasiga qayirib, akamning mashinasiga pul tashlab, majburlab qo‘lini [kimyoviy ishlov berilgan pulga] tekkizdirishgan. Bundan biz yaqinlari juda qattiq xavotirdamiz. Bu holat uyushtirilgan, degan fikrdamiz”, — deydi Salimjon Haydarov.

олий sud, олимжон ҳайдаров

Surat ijtimoiy tarmoqlardan olindi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 29-iyul kuni taxminan soat 17:00 larda IIO xodimlari blogerning uyida tintuv o‘tkazishgan.

“Qo‘shtepa tumanidagi yashash uyimizga besh, olti nafar ichki ishlar xodimi kelib, xonadonimizda tintuv o‘tkazishdi. Bizdan hech narsa so‘rashmadi, biz ham qarshilik ko‘rsatmadik. Ular akamga tegishli bo‘lgan ikkita kompyuter, suvenir pichoq va eski telefonlarni o‘zi bilan olib ketishdi”, — deydi u.

Salimjon Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, blogerning yaqinlari uni tovlamachiligi haqida biror marta gap-so‘z eshitmagan. “Shu paytgacha akamni birovdan pul olib, faoliyat yuritganini eshitmaganmiz. Kam-ko‘sti uchun uydan pul olib ishlatardi”, — deydi u.

Uning qayd etishicha, Olimjon Haydarovga toshkentlik Dilshod Jo‘rayev advokatlik qiladi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, 29-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida Qo‘qon shahar prokurorining Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan Olimjon Haydarovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.

Sudning 29-iyuldagi ajrimi bilan Qo‘qon shahar prokurorining iltimosnomasi qanoatlantirilib, Olimjon Haydarovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning dekabrida bloger Olimjon Haydarov mitinglar tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganlik, yolg‘on axborot tarqatganlikda ayblanib, 21 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan edi. U Farg‘onadagi zavod ishchilarining norozilik namoyishi aks etgan videoni e’lon qilgach, 7 ishchi hibsga olingandi. Shundan so‘ng, bloger sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergandi.