Toshkent shahri Yunusobod tumanida 27-iyul kuni Malibu tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 17 yoshli piyodani urib yubordi. Bu haqda shahar YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Shu kuni soat 23:15 da tumanning Bog‘ishamol ko‘chasida 2002-yilda tug‘ilgan O.A. Malibu 2 avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish qismidan kesib o‘tayotgan piyoda — 2006-yilda tug‘ilgan A.S.ni urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish: o‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Tahririyatdan: “Gazeta.uz” bundan keyin ham bir polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Agar inson va uning qadr-qimmati haqiqatan ham davlatning ustuvor yo‘nalishi bo‘lsa, bunday o‘tish joylarida svetoforlar baxtsiz YTHlardan keyingina o‘rnatilmasligi kerak.