Samarqand viloyati Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi yo‘lda bir guruh fuqarolar yo‘lovchi tashuvchi avtobus yo‘lini to‘sib, oynasiga tosh otgani aks etgan video tarqaldi.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, 28-iyul kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida viloyatlararo yo‘lovchi tashuvchi avtobus haydovchisi u bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Damas haydovchisi yo‘liga chiqib ketishi oqibatida haydovchilar o‘zaro yo‘l talashib, tortishib qolgan.

Shundan so‘ng Damas haydovchisi Y.Sh. avtomashinasini boshqarib, Samarqandning Oqdaryo tumani hududida tanishlari bilan avtomobil yo‘lini to‘sib, avtobusning harakatlanishiga yo‘l qo‘ymasdan, unga shikast yetkazgan.

Hodisada hech kim jarohat olmagan.

O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, holat yuzasidan 14 nafar shaxsga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy tartibda qamoq jazosi tayinlandi. Holat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.