Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo‘li sabab 70 mingga yaqin daraxt kesilishi mumkinligi, loyiha hujjatlari hukumatga topshirilgani aytilayotgani, jamoatchilik bundan norozi ekani haqida xabar bergandik. Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlikning ochiqlashicha, 6-iyul kuni Buxoro viloyati hokimligi A-380 avtomobil yo‘lining 150−228 km uzunlikdagi “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” qismini rekonstruksiya qilish loyihasini tasdiqlash uchun Ekologiya vazirligiga yuborgan. Loyihada 31 ming 371 ta daraxt va butalarni yaqin atrofdagi bo‘sh joylarga ko‘chirib o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 7-iyulda Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan 4R-100 “Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘lining 128−174 km va 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining 5−70 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan 21 ming 803 dona daraxtni belgilangan tartibda ko‘chirib o‘tkazishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilingan.

Qayd etilishicha, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev tomonidan imzolangan hukumat komissiyasining 21-iyuldagi 58-son bayonnomasiga muvofiq, vazirlikka bir hafta muddatda daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko‘chirish bo‘yicha hukumat komissiyasiga xulosa berish va tegishli takliflar kiritish topshirig‘i berilgan.

“Vazirlik ushbu murojaatlarga javoban, o‘simlik dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilishi, respublikamiz bo‘ylab kuzatilayotgan chang-to‘zon va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishda ushbu daraxt va butalarning o‘rni muhim ekanligini eslatgan holda rad javobini bergan”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlanishicha, hokimliklarga yuborilgan rasmiy javoblardan so‘ng Buxoro viloyatidan qurilish kompaniyasi vakillari vazirlikka tashrif buyurib, daraxt va butalarga zarar yetkazmagan holda loyihaga o‘zgartirishlar kiritishlari haqida ma’lumot bergan.

“Turli investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqishda bunday so‘rovlar kamdan-kam uchrab turishini ta’kidlash lozim. Tabiiyki, loyiha tashabbuskorlari o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda taklif bildirsa, o‘z navbatida Ekologiya vazirligi ham atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy muvozanatni saqlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘z xulosasini beradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

“Vazirlik ommaviy axborot vositalari vakillarining daraxtlarni asrash va ekologik muvozanatni saqlash borasidagi faol pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildiradi”, — deya qo‘shimcha qiladi vazirlik matbuot xizmati.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham vazirlik tomonidan daraxtlarni kesishga qarshi prezident farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablaridan kelib chiqib, har ikkala holat ham rad etilganini ma’lum qildi. “Bundan buyon ham ruxsat berishga doir har qanday murojaat va topshiriqlarga rad javobi beriladi”, — deydi Kusherbayev.

Unga ko‘ra, moratoriy talablariga qat’iy rioya qilgan holda daraxtlarni saqlab qolish bo‘yicha vazirlikning pozitsiyasi ishlab chiqilib, tez kunlarda ikkala hududda ham bu masalada jamoatchilik ishtirokida eshituv tashkil etilishi belgilangan.

“Ta’kidlash joizki, vazirlik daraxtlar yo‘qotilishiga doir mazkur loyihalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasida qat’iy va bunday buyon ham shunday bo‘lib qoladi”, — deyiladi Rasul Kusherbayev axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 27-iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov mazkur masalaga munosabat bildirgandi.

“Loyihadan xabarimiz bor, bu bo‘yicha vazirlik o‘z munosabatini bildirgan. Bu hali loyiha jarayonida. Loyiha hujjatlari vazirlik [bilan] kelishilmagan ham. Yo‘l bo‘yida kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlarni asrab qolish bo‘yicha biz tegishli organlarga qo‘shimcha ravishda xatlar bilan murojaat qildik”, — degandi u.

Ushbu hududlarda kesilishi kutilayotgan 70 mingga yaqin daraxtni saqlab qolish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda #DaraxtlarniAsraylik, #NafasOlolmayapman xeshteglari ostida norozilik aksiyasi o‘tkazilmoqda.