28-iyul kuni Farg‘onada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar ahvolidan xalq mutlaqo noroziligini ta’kidladi.

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabariga ko‘ra, 2023-yilning olti oyida 4 mingga yaqin avto-avariyalar sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortig‘i jarohat olgan.

“E’tibor bering, 48 foiz avariyalarning sababi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hisoblanadi. Vaziyatni yaxshilash bo‘yicha „O‘zavtoyo‘l“ va hokimliklarning mas’uliyati umuman sezilmayapti. Ular faqat asfalt yotqizish bilan ovora, harakat xavfsizligi esa e’tibordan chetda qolib ketgan”, — dedi prezident.

Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi rahbari Olim Saidovga hayfsan berildi. Shuningdek, Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari YHXB boshliqlari lavozimidan ozod qilindi.