O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Umid Rustamovich Shadiyev Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Bungacha — 2018-yil avgustida beri — Umid Shadiyev O‘zbekiston YUNESKO huzuridagi doimiy vakili lavozimida ishlagan.

Avvalroq Ozodbek Nazarbekov madaniyat vaziri lavozimiga tasdiqlangani, endi u turizm sohasiga javobgar emasligi xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Ekologiya vazirligini bungacha uzoq vaqt turizm sohasiga mas’ul bo‘lgan (u bosh vazir o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri bo‘lgan) Aziz Abduhakimov boshqaradi.

O‘tgan yil oxirida amalga oshirilgan ma’muriy islohot davomida mazkur tashkilot Tabiat resurslar vazirligi sifatida shakllantirilib, iyun oyida o‘zgartirilib, uning vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlari kengaytirilgandi.