Toshkent xalqaro aeroporti oldidagi ko‘prikni rekonstruksiya qilish 2024-yil dekabriga qadar davom etadi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ish fevral oyidan beri davom etmoqda. Yo‘l o‘tkazgichning yarmi demontaj qilindi, avtomobillar harakati har ikki yo‘nalishda ikkitadan yo‘lak bo‘ylab tashkil etilgan.

Yo‘l o‘tkazgich 1967-yilda qurilgan. 2008-yilda bu yerda rekonstruksiya ishlari olib borildi, natijada undagi yo‘laklar soni to‘rttadan oltitagacha kengaytirildi (har bir yo‘nalishda uchtadan).

2021-yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘l o‘tkazgich o‘rnida Kichik halqa yo‘liga kirish va chiqish yo‘llari bo‘lgan aylanma yo‘l qurish loyihasi taqdim etilgandi. Aeroportda uch sathli aylanma yo‘l qurilishi rejalashtirilgan. obyekt 22 oy ichida (2023-yilning fevraligacha, shu oyda ish boshlandi) qurilishi aytilgandi.

toshkent aeroporti, yo‘l o‘tkazgich

2021-yilda taqdim etilgan loyiha.

Prezident 20-iyul kuni aeroport yaqinidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishini borib ko‘rdi. Davlat rahbarining matbuot xizmati xabarida shunday deyiladi: “Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi ko‘prik avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida kengaytirilib, qo‘shimcha estakada qurilmoqda… aylanma shaklidagi chiqish-tushish yo‘llari qayrilib olish xavfini yo‘qotib, harakatni osonlashtiradi”.

Amalga oshirilayotgan loyiha ilgari taklif qilinganidan farq qiladi. Xususan, hokimlik tomonidan taqdim etilgan eskizdan kelib chiqilsa, uch sathli aylanma yo‘ldan voz kechishga qaror qilingan.

Asosiy yo‘l o‘tkazgichning yo‘laklari soni har bir yo‘nalishda beshtaga yetkaziladi. Kichik halqa yo‘liga to‘g‘ri o‘tib ketish va undan chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi. Yo‘l o‘tkazgich eni 1,5 metrlik piyodalar yo‘laklari va 1,2 metrlik velosiped yo‘laklari, shuningdek, piyodalar o‘tish joylari bo‘lishi nazarda tutilgan.

toshkent aeroporti, yo‘l o‘tkazgich

Yig‘ma-monolit usulida qurilgan asosiy yo‘l o‘tkazgich 15 ta ustundan iborat bo‘ladi. Uning uzunligi 650 metr, eni esa 46,2 metrgacha bo‘ladi. Kirish va chiqish joylari, jumladan, sebarga bargi shaklida ikkitasi monolit usulda amalga oshiriladi.

Hokimlik bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kungacha demontaj ishlarining birinchi bosqichi yakunlangan. Muhandislik tarmoqlarining 90 foizi (temiryo‘l tarmoqlari, ichimlik suvi, gaz, kanalizatsiya, issiq suv va 35 kV yuqori voltli liniyalar), shuningdek, daraxtlar ko‘chirilgan.

toshkent aeroporti, yo‘l o‘tkazgich

Loyiha buyurtmachisi Toshkent shahri hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi, bosh loyihachisi “Ko‘prikqurilishloyiha” unitar korxonasi, bosh pudratchi “Ko‘prikqurilish” tresti hisoblanadi.

Shu bilan birga, “Gazeta.uz"ning davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlardan aniqlashicha, ikkita loyiha kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan — “Ko‘prikqurilishloyiha” va Allegro Develop Project.

Prezidentning 2022-yil 13-maydagi topshiriqlari bayonnomasiga ko‘ra, buyurtmachiga istisno tariqasida Toshkent shahri hokimligi, Qurilish vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining xulosasi asosida tender o‘tkazmasdan bosh loyihachini tanlashga ruxsat berilgan. Uchala organ ham “Ko‘prikqurilishloyiha” (yig‘ma-beton konstruksiyalar uchun) va Allegro Develop Project (monolit uslubdagi qurilish uchun)ni tanlagan. Birinchi korxona bilan loyiha-smeta ishlarini ishlab chiqish bo‘yicha 7,97 milliard so‘mlik, ikkinchi korxona bilan 7,95 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan.

Yo‘l o‘tkazgich qurish bo‘yicha loyiha narxi ko‘rsatilmagan.