Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi.

Telegram`dagi Davletovuz kanalida “Koronavirus hech qayerga ketgani yo‘q” nomli post e’lon qilingandi. Unda ijtimoiy tarmoqlarda aholi o‘rtasida koronavirus yana faollashib qolgani (quyidagi skrinshotda bir ayol yaqinda turmush o‘rtog‘i bilan Zangiota kasalxonasiga koronavirus bilan kasallanib borgani va u yerda yaxshi sharoit hozirlanganini yozgan) haqida so‘z borayotgani aytilgan.

covid-19, koronavirus, санэпидqo‘mita

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining bildirishicha, respublikada 25-iyul holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 255 193 nafarni tashkil etib, ulardan 253 235 nafari (99 foiz) sog‘aygan.

“Bugungi kunda respublikada koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqaror”, — deya ta’kidladi qo‘mita.

Xizmatning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus va o‘tkir respirator infeksiyalarning miks-infeksiya kasalligi sifatida aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.

“Kasallanish butun dunyoda chekingani bilan, yo‘q bo‘lib ketgani yo‘q, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori tomonidan 4-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda koronavirus COVID-19 pandemiyasini jamoat salomatligiga xavf solmaydigan darajadaligi e’lon qilingan, shuning bilan birga kasallanishdan himoyalanish choralari davom ettirilishi lozimligini ta’kidlagan”, — deyiladi xabarda.

26-iyul holatiga O‘zbekistonda jami 80 million 258 ming doza vaksinadan foydalanilgan.

Pandemiya boshlangan beri 27-iyul holatiga dunyoda 692,1 mln nafardan ortiq bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va ulardan 6,9 mln nafari (0,9 foiz) vafot etgan.