O‘zbekistonlik 4 nafar maktab o‘quvchisi Shveysariyada o‘tgan Xalqaro kimyo olimpiadasida 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 26-iyul kuni ular Toshkentga yetib kelgani haqida xabar berdi.

Olimpiadada 90 ga yaqin davlatdan 350 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi.

Oltin medalni Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azizbek Nazarov hamda Uchtepa tumanidagi 81-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abdulloh Mahmudov qo‘lga kiritdi.

Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning yana bir 11-sinf o‘quvchisi Shahzoda Hakimova kumush medal hamda Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sohibjon Dilmurodov bronza medaliga ega chiqdi.

Endi oltin medal sohiblari 165 mln so‘m, ustozi 148,5 mln so‘m miqdorida, kumush medal olganlar 99 mln so‘m, ustozi 82,5 mln so‘m hamda bronza medali egasi 66 mln so‘m, ustozi esa 49,5 mln so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, Xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga imtiyoz bilan grant asosida o‘qishga qabul qilinib, keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan bo‘lsa, lavozim maoshiga har oy 150 foizli ustama oladi.

Eslatib o‘tamiz, 11-iyul kuni Xalqaro biologiya olimpiadasida O‘zbekistondan 2 nafar maktab va 1 nafar litsey o‘quvchisi BAAdan bronza medallarini qo‘lga kiritib qaytgandi.

2022-yilda Armanistonda o‘tgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida ham o‘zbekistonlik Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritgan.

U “Gazeta.uz” bilan suhbatda “xalqaro olimpiada bolaga o‘zini ko‘rsatish uchun maydon” ekanini aytgan. Shuningdek, biologiyani o‘rganishdagi muammolar, olimpiadadagi ishtiroki haqida so‘zlab bergan. Aziza bilan suhbatni o‘qishni tavsiya qilamiz.