Xorijdan kelgan qizamiq bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan fuqarolarda qizamiq kasalligi aniqlanmoqda, deya xabar qildi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, respublikada joriy yilning iyul oyi holatiga ko‘ra, qizamiq kasalligiga shubha qilingan 306 nafar bemorning qon namunalari virusologik laboratoriyaga yuborilgan. Ulardan 164 nafarida qizamiq aniqlangan.

“Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, mamlakatimizda qizamiq bilan kasallanish holatlari asosan xorijdan kelgan qizamiq bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan fuqarolar orasida aniqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita mamlakatda qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat nazorat ostida ekani, qizamiq kasalligiga shubha qilingan shaxslar bilan aloqada bo‘lganlar epidemiologik ko‘rsatma asosida profilaktik emlash bilan qamrab olinayotganini qo‘shimcha qildi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, emlashdan bosh tortganlar hisobiga, 2023-yilda dunyoda va Yevropa mintaqasida qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat keskinlashgan.

Ayni paytda Ukrainada 23 070, Serbiyada 4954, Fransiyada 2576 , Gretsiyada 2476, Italiyada 2020, Rossiyada 1396, Gruziyada 1128 holatda qizamiq kasalligi qayd etilgan.

Qo‘shni mamlakatlar Afg‘onistonda 2023-yilning hozirgacha bo‘lgan davrida 2 105 holatda, Tojikistonda esa 300 dan ortiq Qozog‘istonda 169 ta holat qayd etilgan.

Aprel oyi oxirida O‘zbekistonda yil boshidan beri 37 nafar bemorda qizamiq tasdiqlangani, kasallikka qarshi zarur choralar ko‘rilayotgani haqda xabar bergan edik.