24-iyul kuni soat 17:20 atrofida Toshkent shahrida 28-yo‘nalishda harakatlanayotgan Yutong elektrobusi haydovchisi yengil avtomashina haydovchisi aybi bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan YTHning oldini oldi. “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi elektrobus videokamerasidan olingan lavhani e’lon qildi.

Videoda Nexia-3 rusumli avtomashina yo‘lning 2-qatnov qismidan keskin o‘ngga burilib, Navoiy ko‘chasidagi maxsus ajratilgan yo‘lak bo‘ylab harakatlanayotgan elektrobus yo‘lini to‘sib qo‘yganini ko‘rish mumkin.

Elektrobus haydovchisi keskin tormoz berib, to‘xtashga muvaffaq bo‘ldi, ammo salondagi yo‘lovchilardan biri yiqilib tushdi. Unga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tez yordam chaqirildi va yo‘lovchi chiptachi hamrohligida tibbiy muassasaga olib ketildi, deyiladi kompaniya xabarida.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hodisa yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Oxirgi oylarda avtobuslar va elektrobuslar bilan yuz berayotgan bir necha yo‘l-transport hodisalari boshqa transport vositalari haydovchilarining xatti-harakati ortidan sodir bo‘lmoqda.

Bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda yangi Yutong avtobusining YTHga uchragan surati paydo bo‘lgandi, bunga esa, taxminlarga ko‘ra, yengil avtomobil haydovchisining yo‘lning ikkinchi qismidan o‘ngga burilishga urinishi sabab bo‘lgan.