Twitter o‘z logotipini o‘zgartirdi. Endi logotipda ko‘k qushcha o‘rniga qora fondagi oq “X” belgisi paydo bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoq rebrendingi arafasida uning egasi Ilon Mask tomonidan e’lon qilindi. “Tez orada biz Twitter brendi va sekin-asta barcha qushlar bilan xayrlashamiz”, — deb yozdi u yangi logotipni taqdim qilib.

Mask, shuningdek, x.com domeni Twitter`ga avtomatik yo‘naltirishni boshlaganini ham ma’lum qildi. Bundan tashqari, u platformaning standart rangini qora rangga o‘zgartirish taklif etgan so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 1,8 milliondan ortiq foydalanuvchi ishtirok etdi. Ularning deyarli 75 foizi ijtimoiy tarmoq rangini o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatlagan.

24-iyul kuni u o‘z tvitlarining birida yangi logotipni, boshqasida esa X harfi tushirilgan kompaniya ofis binosi suratini joylashtirgandi.

Ma’lumot uchun, Twitter`ning ko‘k qushli asl logotipi 2012-yilda uchta dizaynerdan iborat jamoa tomonidan ishlab chiqilgan.