23-iyul, yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari bilan suhbat o‘tkazayotgani aks etgan qisqa video tarqaldi.

Videoda ichki ishlar organi formasini kiygan ikki xodimning oltmish nafardan ziyod bola qarshisida stolda o‘tirganini, ulardan birining kichkintoylarga gapirayotganini ko‘rish mumkin.

IIB xodimlaridan biri gapirayotgan vaqtda ayrim bolalar turli harakatlar qilayotgani: biri o‘rnidan turib olgani, bir-biriga teginib o‘tirgani tasvirlangan. Tarbiyaviy soatni videoga olayotgan odam esa kamera ortida turib, o‘rtog‘ining yuzi va qulog‘ini ushlayotgan bolaga “Sh-sh-sh!” degani ham eshitilgan.

IIB xodimi bolalarga oq va qorani ajratish haqida gapirarkan, shunday deydi:

“Hurmat qilish kerak ota-onani, qolgan narsa o‘zi bo‘lib ketaveradi. Faqat yaxshi inson bo‘lish kerak, bo‘ldi. Qilma deganni qilish kerakmas. Qilgin [degan] ishni qilish kerak. Oq bilan qorani ajratib olinglar oldin. Nima oq, nima qora? Qaysi ishni qilsam, to‘g‘ri bo‘ladi, qaysi ishni qilsam, noto‘g‘ri bo‘ladi? Qilishdan oldin bu ishni qilganimdan keyin ertaga nima bo‘ladi, shuni o‘ylash kerak. Tushuntira oldimmi?”

Ushbu video tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi hamda jamoatchilikda ko‘plab savollar tug‘ildi. “Bolalar bilan bunday suhbatni o‘tkazish kimning tashabbusi: ichki ishlar organlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yoki bitta bolalar bog‘chasi rahbari? Bunday uchrashuvdan maqsad nima? Bolalarning psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda, ular bilan bunday muloqot qilish qanchalik maqbul?”

Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi javobi

Shu kunning o‘zida Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati videodagi holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, holat 18-iyul kuni Uchtepa tumanidagi bog‘chalarning birida kuzatilgan.

Ta’kidlanishicha, 17-iyul kuni tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birining rahbari tomonidan tuman IIO FMB, mudofaa ishlari bo‘limi hamda “Farhod” MFY raisi nomiga hamkorlikda “Harbiylar bilan uchrashuv” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazish yuzasidan taklifnoma yuborilgan.

Shunga asosan, 18-iyul kuni tuman IIO FMB 2-sonli IIB “Farhod” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi 40-sonli TP profilaktika katta inspektorlari kapitan F.T. va leytenant A.A. ushbu bog‘chaga kelgan (bu qism rasmiy munosabatda mavjud edi, ammo boshqarma xabarni o‘chirib, uni kanalga qayta joylaganda tushirib qoldirilgan).

“Profilaktika inspektorlari bog‘cha tarbiyalanuvchilari bilan vatanga muhabbat, ota-ona qadri va kelajakda vatanni qo‘riqlaydigan mard o‘g‘lon va qizlar bo‘lib yetishishlari, bog‘chadan notanish fuqarolar bilan ketmasligi, uyini begona shaxslarga ochmaslik, begona shaxslarning qo‘llaridan shirinlik va boshqa narsalarni olmaslik haqida suhbat o‘tkazgan. Ular o‘zlari bilan olib kelgan kitob va o‘yinchoqlarni bog‘cha tarbiyalanuvchilariga sovg‘a qilib topshirishgan”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, tadbir tafsilotlari aks etgan videolavhani guruh tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarning ota-onalari uchun ochilgan Telegram guruhga tashlagan. “Ayrim ota-onalar tomonidan bu videolavha boshqa guruhlarga tashlanib, tomoshabinlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani achinarlidir”, — deyiladi poytaxt maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabatida.