24-iyul kuni Isroil parlamenti mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan sud-huquq islohoti doirasidagi birinchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi, deb xabar bermoqda The Times of Israel.

“Oqilonalik” tamoyili — Oliy sudning hukumat qarorlarining haqiqiyligini tekshirish huquqini bekor qiluvchi qonun loyihasi ovozga qo‘yildi. Bu sud qonunchiligidagi eng bahsli o‘zgarishlardan biridir. Tanqidchilarga ko‘ra, sud-huquq islohoti mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligining izdan chiqishiga olib keladi.

Hukmron koalitsiya 64 ovoz bilan hujjatni yoqlab ovoz berdi. Muxolifatdagi deputatlar norozilik sifatida ovoz berishni boykot qildi.

Qonun loyihasi muhokamasi qariyb 30 soat davom etdi. Muxolifatning barcha 140 e’tirozi rad etildi, deb yozadi gazeta.

Isroil adliya vaziri Yariv Levin ovoz berishdan keyin parlament a’zolari “sud tizimini o‘rnatish hamda yillar davomida hukumat va Knessetdan tortib olingan vakolatlarni tiklash bo‘yicha tarixiy jarayonda birinchi qadamni” qo‘yganini ta’kidladi.

Isroilda yanvar oyidan buyon har hafta bosh vazir Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat tomonidan ilgari surilgan sud tizimi islohotiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilib kelinmoqda. Mart oyida Netanyaxu jamoatchilik bosimi ostida islohotlar loyihasini kechiktirgan edi.

Isroil shaharlarida va parlamentdagi ovoz berish paytida minglab namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyish tashkilotchilari hukumatga bosim o‘tkazishda davom etishlarini aytib, “oxirigacha kurashishga” va’da berishdi.