23-iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Odessa viloyatini yana o‘qqa tutdi. Ukraina QK Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hududga jami besh turdagi 19 ta raketa uchirdi. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari ulardan to‘qqiztasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Qolgan raketalar Odessa port infratuzilmasi va kamida oltita turar-joy binosiga, jumladan, ko‘p qavatli uylarga zarar yetkazgan. Shahardagi ko‘plab binolarning fasadlari va tomlari shikastlangan, deraza oynalari singan.

Odessaning tarixiy markazida rus raketasining zarbasi natijasida Moskva Patriarxiyasining Ukraina pravoslav cherkoviga tegishli shahardagi eng katta pravoslav cherkovi — Spaso-Preobrajenskiy kafedral sobori vayron bo‘ldi.

“Vayronagarchilik juda katta, u o‘ng tomonga urildi va minus birinchi qavatgacha kirib bordi. Soborning yarmi tomsiz qoldi. Markaziy ustunlar, poydevor vayron qilingan. Barcha derazalar, ganchlar sinib ketdi. Yong‘in sodir bo‘ldi, s obordaxoch va shamlar sotiladigan qism yonib ketdi “, deya ma’lum qildi Odessa yeparxiyasi kliriki, arxidiakon Andrey Palchuk “Suspіlne” nashriga.

Umuman olganda, Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning so‘zlariga ko‘ra, raketa hujumi vaqtida Odessa markazidagi kamida 25 ta me’moriy yodgorlik zarar ko‘rgan.

Bundan tashqari, hujum paytida bir kishi halok bo‘lgan, yana 19 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola yaralangan.

одеssа, raketa zarbasi, raketa hujumi, роssия - uкраинаFoto: t.me/V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Odessaning o‘qqa tutilishini izohlar ekan, bu zarbadan keyin javob qaytarilishiga ishontirdi.

“Tinch shaharlarga, turar-joy binolariga, cherkovga qarshi raketalar… Rossiya yovuzligini hech qanday oqlab bo‘lmaydi. Har doimgidek, bu yovuzlik yutqazadi. Odessa uchun esa, albatta, rus terrorchilariga javob bo‘ladi. Ular bu javobni his qilishadi. Bu so‘nggi teraktdan jabr ko‘rgan barchaga yordam ko‘rsatilmoqda”, — dedi u.

Rossiya Mudofaa vazirligi Odessadagi pravoslav soboriga hujum qilinganini inkor etmoqda. Vazirlikning ta’kidlashicha, “yuqori aniqlikdagi qurollar” “RFga qarshi terrorchilik harakatlari tayyorlanayotgan” obyektlarga “sobor majmuasidan xavfsiz masofada” zarba bergan. Cherkovning vayron bo‘lishi esa “[Ukraina] havo hujumidan mudofaa tizimlari operatorlarining savodsiz harakatlari” bilan izohlangan.

18-iyul, ya’ni Rossiya rasman “g‘alla bitimi”dan chiqqanidan beri rus armiyasi Odessa viloyatini, jumladan, port infratuzilmasi obyektlari va don terminallarini har kuni o‘qqa tutmoqda.