AQSh Rossiyaning Ural kon-metallurgiya kompaniyasiga (UKMK) qarshi taqiqlovchi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 18-oktabrgacha UKMK va uning shu’ba korxonalari bilan operatsiyalarni to‘xtatish bo‘yicha litsenziya berdi.

“Qora ro‘yxat”ga (SDN-list) Ural KMK guruhiga kiruvchi “Uralelektromed” i “UGMK-OSM” kompaniyalari ham kiradi.

UKMK — Rossiyaning tog‘-metallurgiya xoldingi, mamlakatdagi mis, rux, ko‘mir va qimmatbaho metallarning eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri. 2022-yil mart oyida UKMK kompaniya asoschisi Iskandar Mahmudov (7,3 milliard dollar boyligi bilan rossiyalik milliarderlar ro‘yxatida 21-o‘rinni egallagan) va Andrey Bokarev (47-o‘rin, 2,7 milliard dollar) UGMK, “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasi, “Vostochniy port” va “Rosterminalugol” aksiyadorlik jamiyatlaring nazorat qiluvchi benefitsiarlari bo‘lishni to‘xtatganini e’lon qildi. Shuningdek, ular ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashi safidan chiqqani ham qayd etilgan. Bir oy o‘tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Iyun oyi boshida Forbes UKMKning 2022-yil uchun moliyaviy hisobotiga tayanib, O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov kompaniyaning yangi benefitsiar egasiga aylangani haqida xabar bergandi.

AQSh Rossiya Hisob palatasining sobiq rahbari va hozirda Yandex kompaniyasining korporativ rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Aleksey Kudrin, Tinkoff Bank va mudofaa zavodlarini ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.