20-iyul kuni AQSh Moliya vazirligi Rossiyaga sanksiya ostidagi mahsulotlar yetkazib berilayotgani sababli Qirg‘izistonning to‘rtta kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini ma’lum qildi.

Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan RM Design and Development, “Progress lider”, “GTME Texnologii” va “Kargolayn” kompaniyalari sanksiyalar ostida qoldi. To‘rt kompaniyaning barchasi Rossiyaning 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishidan keyin tashkil etilgan, deyiladi press-relizda.

“Qirg‘izistonda joylashgan kompaniyalar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri vaqti-vaqti bilan Rossiyaga elektron komponentlar va boshqa texnologiyalarni eksport qilib kelmoqda”, — dedi AQSh moliya vazirligi. Ushbu yetkazib berishning bir qismi ikki maqsadli tovarlar bo‘lib, Rossiya mudofaa sektori korxonalariga yo‘naltirilgani aytilgan.

Ushbu kompaniyalar haqida nimalar ma’lum va ular qanday mahsulotlarni yetkazib bergan?

RM Design and Development MCHJ 2022-yil mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, elektron va telekommunikatsiya uskunalari hamda ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Rossiyaga ikki maqsadli mahsulotlar, jumladan, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun elektronika yetkazib beradi. Tashkil etilganidan buyon kompaniya Rossiya kompaniyalariga yarimo‘tkazgichlar, integral mikrosxemalar va kondensatorlar kabi yuzlab partiyada mahsulotlarni jo‘natdi.

“Progress lider” MCHJ 2022-yil mart oyida ro‘yxatga olingan. Kompaniya asoschisi Rossiya fuqarosi Tatyana Ivanova hisoblanadi. Shuningdek, u elektron va optik uskunalar, shuningdek, kompyuterlar va tegishli uskunalarni sotuvchi Rossiyaning “Siaysi” kompaniyasiga egalik qiladi. “Progress lider” “Siaysi”ga ko‘plab yetkazib berishlarini amalga oshirgan.

2022-yil iyun oyida tashkil etilgan “GTME Texnologii” Yopiq aksiyadorlik jamiyati (YOAJ) Rossiyaga mikrosxemalar kabi o‘nlab mahsulotlar partiyalarini yetkazib berdi.

“Kargolayn” MCHJ ham 2022-yil mart oyida tashkil etilgan. Kompaniya Rossiyaga, jumladan, AQSh eksport nazorati ostidagi aviakompaniyalarga millionlab dollarlik chet elda ishlab chiqarilgan samolyotlarni yetkazib bergan.

Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar tahdidi

Avvalroq The Washington Post (WP) Amerika rasmiylariga tayanib, Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam bergani uchun Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistonga qarshi “iqtisodiy choralar” tayyorlayotgani haqida yozgandi.

Nashr qanday choralar ekaniga aniqlik kiritmagan, biroq bunday hollarda odatda sanksiyalar va kompaniyalarni “qora ro‘yxat”ga kiritish qo‘llanishiga ishora qilgan.

Qirg‘iziston hukumati WP nashri xabariga darhol munosabat bildirgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Rossiyaga qarshi sanksiya cheklovlarini buzishda Qirg‘iziston davlatining o‘zi ham, biron-bir davlat tuzilmasi va kompaniyalari ham aloqasi yo‘q”, deb ta’kidladi.

Razvedka xizmati xususiy kompaniyalarning sanksiyalar rejimini buzishda “ehtimoliy ishtiroki” borligini tan olgan va ushbu firmalarni aniqlash va ularning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha ish boshlanganini e’lon qilgan.

Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi, shuningdek, AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng mamlakat harbiy va ikki maqsadli mahsulotlarga nisbatan eksport nazoratini kuchaytirganiga ishontirgan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning Kiyevdagi elchisi Idris Kadirkulovni “Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda Qirg‘iziston yurisdiksiyasidan foydalanish” haqidagi ma’lumot yuzasidan tushuntirish berish uchun chaqirtirgan.

TIV Qirg‘izistondan Rossiyaga harbiy texnikasi uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlarning reeksport qilinishi “Ukraina tomonidan Rossiyaning agressiv urushini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nodo‘stona harakatlar sifatida baholanishini” qayd etgan.