20-iyul kuni “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-232-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi tashkil etiladi. Shunga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari — Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori lavozimi joriy etiladi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga muvofiq “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvargacha Direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 31-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent barpo etilishi, poytaxt esa “yashil hudud” ga aylantirilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Joriy yil mart oyida esa poytaxtdagi davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chirilishi, shuningdek, loyiha doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 mln aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratilishi bildirildi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.