Markaziy bank boshqaruvining 2023-yil 24-iyundagi qarori bilan jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklarini undirishda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga doir tavsiyalar tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, mazkur tavsiyalar jismoniy shaxslarning huquqini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, jismoniy shaxslarning kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarini qaytarish yuzasidan kredit tashkilotlari bilan jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi.

Qayd etilishicha, kredit tashkilotining tashabbusiga ko‘ra, quyidagi hollarda qarzdor bilan bevosita o‘zaro munosabatlarga kirishishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • soat 20:00 dan 8:00 gacha bo‘lgan vaqtda;
  • haftada bir martadan ortiq shaxsiy uchrashuvlar;
  • telefon aloqa orqali kuniga bir martadan ortiq, haftasiga ikki martadan ortiq, oyiga sakkiz martadan ortiq.

Kredit tashkiloti xodimi qarzdor bilan har safar shaxsiy uchrashuv asosida o‘zaro munosabatlarga kirishishda qarzdorga kredit tashkilotining nomi hamda tashkilot nomidan uchrashayotganligini bildirgan holda o‘zining ismi, familiyasi va sharifi to‘g‘risida ma’lumot berishi lozim.

Kredit tashkiloti tomonidan qarzdorga elektron aloqa tarmoqlari orqali matnli, ovozli va boshqa xabarlarni yuborish quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi:

  • soat 20:00 dan 8:00 gacha bo‘lgan vaqtda;
  • kuniga ikki martadan ortiq;
  • haftasiga to‘rt martadan ortiq;
  • oyiga o‘n olti martadan ortiq.

Qarzdorlikni qaytarish maqsadida elektron aloqa tarmoqlari orqali qarzdorga yuboriladigan matnli, ovozli va boshqa xabarlarda kamida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim:

  • kredit tashkilotining nomi;
  • muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjudligi, shu jumladan uning miqdori va tarkibi (asosiy qarz, foiz qarzi va boshqalar);
  • kredit tashkilotining aloqa telefon raqami.

Kredit tashkiloti tomonidan muddati o‘tgan qarzdorlikni qaytarish maqsadida qarzdorga uning yashash yoki ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha pochta orqali jo‘natiladigan barcha xabarlarda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:

  • kredit tashkiloti nomi;
  • kredit tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlar (joylashgan joyi, pochta manzili, elektron pochta manzili va aloqa telefon raqami);
  • xabarni imzolagan shaxsning ismi, familiyasi va sharifi hamda lavozimi;
  • qarzdorga nisbatan talab qilish huquqining yuzaga kelishi uchun asos bo‘lgan shartnomalar va boshqa hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • qarzdorlikning miqdori va tarkibi, uni to‘lash muddatlari va tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (avvalgi kredit tashkilotining talab qilish huquqi qisman yangi kredit tashkilotiga o‘tgan taqdirda, o‘tkazilgan talab qilish huquqining summasi ham ko‘rsatiladi);
  • qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarishi lozim bo‘lgan muddat (o‘n kundan kam bo‘lmasligi lozim);
  • belgilangan muddatgacha qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmasligi oqibatlari;
  • qarzdorliklarni to‘lash usullari va pul mablag‘lari o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan bank rekvizitlari;
  • nizoni sudgacha hal qilish usullari.

Kredit tashkilotiga qarzdor bilan telefon aloqasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun faqat kredit tashkilotiga tegishli bo‘lgan korporativ raqamlaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda, qarzdorga qo‘ng‘iroq qilingan yoki xabar yuborilgan aloqa telefon raqami yoxud xabar yuborilgan elektron pochta manzili yoki jo‘natuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirish taqiqlanadi.

Qarzdor bilan o‘zaro munosabatlar davlat tilida yoki shartnoma tuzilgan tilda amalga oshirilishi kerak.

Tavsiyalarning to‘liq ro‘yxati bilan mana bu havola orqali tanishish mumkin.

Moliyachi Otabek Bakirov Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan tavsiyalarni “yomon” deb atadi.

Uning yozishicha, hujjat bilan batafsil tanishgan odam mazkur tavsiyalar Rossiya Federatsiyasining 03.07.2016-yildagi 230-Federal Qonunining ikkinchi bobi va bir necha boshqa moddalarining ayni tarjimasi ekaniga guvoh bo‘lishi mumkin.

Moliyachi bu tavsiyalarni salbiy baholayotganini bir nechta faktorlar bilan izohlagan.

Otabek Bakirov Rossiya Federatsiyasida hujjat bir necha yillik muhokamalardan keyin qonun darajasida qabul qilinganini eslatgan. O‘zbekistonda esa bu tavsiyalar Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tmagan, ya’ni me’yoriy-huquqiy hujjat maqomiga ega emas. Lekin hujjat tijorat banklariga va mikromoliyalash tashkilotlariga ishda qo‘llash va ijro uchun yuborilgan.

Yana bir faktor sifatida moliyachi Rossiyadagi qonun kollektorlik tashkilotlari (qarz qaytarish bilan shug‘ullanuvchi professionallar) va yomon qarzdorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solganini qayd etgan. Ya’ni qonunga zaruriyat kollektorlik faoliyatiga ruxsat berilgandan keyin paydo bo‘lgan.

Bundan tashqari, bunday tavsiyalarning qabul qilinishi qarzdorlarning ba’zi toifasi uchun qurolga aylanishi mumkinligi aytilgan.

“Markaziy bank shu eng yomon qarzdorlar toifasi qo‘liga nima berib qo‘yganini, banklar va mikromoliyalash tashkilotlari boshiga qanaqa kulfat yaratganini juda tez orada anglaydi. Lekin kech bo‘ladi”, — degan mutaxassis.

Otabek Bakirovning aytishicha, xato darhol tan olinishi, tavsiyalar chaqirib olinishi va bekor qilinishi zarur. Shuningdek, Adliya vazirligi tavsiyalarga nisbatan o‘z munosabatini bildirishi kerak, agar Markaziy bank tavsiyalardagi qoidalarni kuchga kiritishni istasa, avvalo bu jamoatchilik, ekspertlar, qarzdorlar, kreditorlar bilan muhokamalardan keyingina qonun darajasida qabul qilinishi kerak. Shunda ham avval O‘zbekistonda kollektorlik faoliyati legallashtirilishi zarur, deb hisoblaydi moliyachi.