O‘zbekiston Transport vazirligi va Gruziya Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligi o‘rtasida transport sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deya xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Hujjat O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiyaning Tbilisiga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.

Memorandum Gruziya dengiz portlarida dengiz terminali, omborxonalarni qurish hamda uzoq muddatli ijaraga olish, fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik, avtomobil transportida tashuvlarni rivojlantirish hamda transport va infratuzilma yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, innovatsiyalarni qo‘llashni o‘z ichiga oladi.

2022-yilda Gruziyaning Poti va Batumi portlari orqali O‘zbekistonning eksport-import yuk tashish hajmi (O‘zbekiston delegatsiyasi 18-iyul kuni ushbu portlarga tashrif buyurgan) 864 ming tonnani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga (503 ming tonna) nisbatan 72 foizga ko‘p.

Avval yozganimizdek, delegatsiya tarkibida transport vaziri Ilhom Maxkamov, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbari Mirziyod Yunusov, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbari Timur Muxamedjonov, Eriell Group neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasi raisi, Enter Engineering (mamlakatdagi eng yirik EPC pudratchilaridan biri), Ferkensco (agrokimyo korxonalari qurilishini boshqaruvchi investitsiya kompaniyasi), Air Samarkand va boshqa korxonalar aksiyadori Baxtiyor Fazilov hamda boshqalar bo‘lgan.