“Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” formatidagi ikkinchi sammit Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Bu qaror Jiddada (Saudiya Arabistoni) 19-iyul kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sammit ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi.

Uchrashuvda Saudiya Arabistoni valiahdi (ham Vazirlar Mahkamasi raisi), O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston prezidentlari, Qatar amiri, BAA bosh vaziri, Kuvayt amiri o‘rinbosari, O‘mon sultonligi bosh vaziri o‘rinbosari va Bahrayn podshohining maxsus vakili qatnashdi.

Sammitda siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro siyosat masalalari muhokama qilindi.

саuдия arabистоni, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev nutqi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqasi xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq ekani, yaqin savdo aloqalari, qadriyat va an’analar, islom dini ularning asosini tashkil etishini ta’kidladi.

Prezident dunyodagi bugungi vaziyatni ta’riflar ekan, “bugungi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelayotganini” ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni qator ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishni taklif qildi.

O‘zbekiston prezidenti siyosiy sohada turli formatdagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasini o‘rganishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik sohasida innovatsiyalar, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, nano- va biotexnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish uchun platformalar va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligini ta’kidladi. U biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini tuzish va uning ilk yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Prezident “yashil” energiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni ham qabul qilishni taklif etdi.

Uchinchi yo‘nalish — savdo va transport bog‘liqligini kuchaytirish. Shavkat Mirziyoyev Ko‘rfaz mamlakatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarbligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u ko‘p tomonlama Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Transport va tranzit sohasida O‘rta transport koridorida eng maqbul tariflarni qo‘llash, Afg‘oniston orqali mavjud multimodal yo‘laklardan keng foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida ko‘paytirish taklifi bildirildi. Shuningdek, u hamkorlarni Ko‘rfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yo‘l orqali mintaqa bilan bog‘laydigan Transafg‘on temiryo‘lini qurish strategik loyihasida faol ishtirok etishga chaqirdi.

саuдия arabистоni, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida O‘zbekistonda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida xalqaro qo‘shma ilmiy-tadqiqot dasturini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

Prezident turizm sohasida “Ko‘rfaz — Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini, zamonaviy klasterlar va qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini tashkil etish, shuningdek, 2024-yilda Islom dunyosi turizm poytaxti deb e’lon qilingan Xiva shahrida mintaqalar yetakchi sayyohlik operatorlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, terrorizm, ekstremizm, radikalizm va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, yoshlarni internet va boshqa kanallar orqali ushbu tahdidlarning tarqalishidan himoya qilish borasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasiga ham to‘xtaldi: “Bizning mintaqalarimiz tashabbuskor bo‘lib, katta-katta minbarlardan Afg‘oniston muammolariga butun dunyo e’tiborini jalb etishimiz, afg‘on xalqining hayotini yengil qilishga munosib hissa qo‘shishimiz kerak”.

Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi hamda bosh vaziri Shayx Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston prezidenti Makkaga tashrif buyurib, umra marosimini amalga oshirdi.