Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni urayotgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Voqea 18-iyul kuni Yangiyo‘l tumani “Ibrat” MFYda joylashgan “Ominaxon” nomli nodavlat oilaviy MTTda sodir bo‘lgan. 21 yoshli tarbiyachi H.A. (ayol) shu bog‘chadagi ikki nafar (5−6 yoshli) o‘g‘il bolani o‘zaro talashib, mashg‘ulotga xalal bergani uchun urishib, uy oyoq kiyimi bilan urgan.

Jarayon voqeaga guvoh bo‘lgan shaxs tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Holat yuzasidan IIB tomonidan tarbiyachi va boshqa mas’ullar bilan profilaktik suhbat o‘tazilgan. Bolalarni sud tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish uchun yo‘llanma berilgan.

“Ekspertiza xulosasi va o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. O‘rganish davomida tarbiyachi tegishli tartibda ishdan bo‘shatilib, tadbirkor ogohlantirildi”, — deyiladi xabarda.