Zarafshon shahrida ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan inspeksiya boshlig‘i ushlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Zarafshon shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Zarafshon shahar tabiat resurslari inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchisi N.Ya. fuqarolar N.H. va K.M.ni tanishlari yordamida tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 2 500 AQSh dollarini olib, ushbu pullarni tanishi M.O.ga qoldirib, Zarafshon shahar 12-kichik tuman 51-uyning oldiga kelgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.