Instagram tarmog‘ida 1 milliondan ortiq obunachisi bo‘lgan Asad Algo (Asadbek Arzikulov) vafot etgani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi 20 yoshli bloger o‘limiga oid tafsilotlarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 19-iyul kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga 2002-yilda tug‘ilgan Asadbek Arzikulov bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh subdural gematomasi, bo‘yin sohasi qontalashi, ikkala tizzasi va ikkala tirsagida ko‘kargan jarohatlari bilan murojaat qilgan. Shifokorlar tomonidan bu holat haqida zudlik bilan IIOga xabar berilgan.

O‘rganishlar jarayonida aniqlanishicha, 16-iyul kuni taxminan soat 18:30 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bog‘lardan birida Asad Algo va uning 26 yashar tanishi A.I. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Instabloger Asad Algo tan jarohati olgan. Shundan so‘ng ular o‘zaro kelishib olgani sababli voqea joyidan ketgan. Holat yuzasidan Asad Algo IIOga, shuningdek, tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan.

19-iyul kuni blogerning tobi qochgani tufayli shifoxonaga olib borilgan va uning bosh qismida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, u vafot etgan.

“Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi „d“ bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish: jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi poytaxt IIBB axborotida.