Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 6 nafar mansabdor shaxs, xususan, 3 nafar hokim, 1 nafar agentlik, 1 nafar unitar korxona va 1 nafar qo‘mita rahbari tadbirkorlik subyektlarining ta’sischilari ekanligini aniqladi.

Agentlikka ko‘ra:

  • Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov — “Total Oil” MCHJ;
  • “Axborotlashtirish Bosh markazi” davlat unitar korxonasi rahbari Dilshod Sarixodjayev — “Musammo” MCHJ;
  • Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova — “Sabina Issiq Nonlari 777” va “Ko‘mir Sanoati” MCHJlar;
  • Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi Ulug‘bek Fayziyev — “Zarafshan Golden Group” va “Zarafshon Grand Invest” MCHJlar, “G‘ani Bobo Chorvasi” fermer xo‘jaligi;
  • Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov — “Sanico Group” va “Uv-Maks” MCHJlar;
  • Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Bahrom Sharipov — “Karomat Oyijon-Surxon” fermer xo‘jaligida ta’sischi sifatida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha mazkur davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning yuqori turuvchi idoralariga fgentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilib, yuqoridagi manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga barham berilishi (mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyektlaridagi faoliyati tugatilishi) choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari"ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilangan.

Shunga qaramay, bu borada hamon qonunbuzilishi holatlari kuzatilmoqda, deya qayd etgan agentlik.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz nashri Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipovning rafiqasi va qarindoshlari orqali jun tolalari, ipak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘nlab korxonalarga bog‘liq ekani to‘g‘risidagi surishtiruvni e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng Bahrom Sharipov nashr va uning jurnalisti Shokir Sharipov ustidan sudga murojaat qildi. Bahrom Sharipov maqoladagi ma’lumotlarni asossiz deb atadi. Keyinroq o‘z arizasini qaytib oldi.