Muallifdan: Balki bu maqola “Gazeta.uz” o‘quvchilarining ko‘pchiligi uchun qiziq bo‘lmas. Biroq, buxgalterlar, moliyaviy menejerlar va soliq organlari xodimlariga fikr yuritish va tanqidiy baho berish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Soliq ma’murchiligi tartib-taomillarida, mening nazarimda, ayrim muammolar, xususan, QQS bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni qoplash bilan bog‘liq muammo hanuzgacha saqlanib qolmoqda.

Men kichik korxonamizning alohida misolidan foydalangan holda, QQSni qoplash bo‘yicha amaldagi vaziyatni to‘laligicha umumiy muammo sifatida ko‘rib chiqishga harakat qilaman. Ehtimol, bunday muammo boshqa korxonalarda ham mavjuddir.

Kompaniyamiz 2021 (!) yilgi hisobotidan kelib chiqadigan manfiy QQS summasini qaytarish talabi bilan soliq organlariga murojaat qilganiga qariyb bir yil bo‘ldi. QQSning ortiqcha to‘langan summasini qaytarish O‘zbekiston Soliq kodeksining 272-moddasi (3-qism) va 274-moddasi (2- va 3-qismlari)da nazarda tutilgan.

2022-yil iyun oyidan beri shaxsiy kabinet orqali shahar soliq boshqarmasiga (SHSB) manfiy QQS summasini qaytarish masalasida ariza topshiramiz.

Va mana, bir yil vaqt o‘tdi. Yozishmalar sust, bir yil ichida oltita so‘rov va oltita javob. Barcha javoblar manfiy QQS summasini qaytarishni rad etish mazmunida (nimagadir asoslar har safar yangilanadi). Nima ham derdik, rad javoblari ham bo‘lib turadi.

QQSni qaytarishni rad etish bevosita Soliq kodeksida va 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorining (VMQ) QQSni qaytarishning barcha shartlari va tartibini belgilab beruvchi 1-ilovasida nazarda tutilgan, ushbu ilovaning 25-bandida esa qaytarishni rad etish uchun 12 ta sabab batafsil va aniq-ravshan ko‘rsatib o‘tilgan.

Rad etishning sabablaridan biri (tartibi bo‘yicha 10-sabab) — bevosita kontragent yoki muayyan mahsulot / xizmatlar yetkazib berish zanjirida ishtirok etuvchi bizga noma’lum boshqa shaxslar tegishli QQSni budjetga to‘lamaganliklari.

SHSBning “rad etish” bo‘yicha deyarli barcha xatlarida aynan shu sabab ko‘rsatilgan. Bunday holda, soliq organlari “QQS uzilishi koeffitsiyenti” parametri bilan ishlaydi.

Aynan shu parametr bo‘yicha Soliq qo‘mitasining risklarni tahlil qilish dasturi har bir korxonaning soliq “halolligi”ni baholaydi.

Haqiqatda, risklarni tahlil qilish va “QQS uzilishini” izlashning avtomatlashtirilgan dasturi — bu ehtimoliy soliq huquqbuzarliklarini monitoring qilishning eng yaxshi vositasi.

Soliq organlariga ehtimoliy soliqdan “bo‘yin tovlovchilar”ni topishni osonlashtirish vositasi. Soliq organlari hamma soliq to‘lovchilar ustidan umumiy, cheksiz ko‘lamdagi, boshidan oxirigacha monitoring o‘tkazish uchun behuda vaqt sarflamagan holda, soliq huquqbuzarliklarining eng ehtimoliy nuqtalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olishlari mumkin.

Biroq, bu vositadan amalda qanday foydalaniladi? “QQS uzilishi koeffitsiyenti” aslida qanday va nima maqsadda qo‘llaniladi?

Ushbu parametr har bir korxonaning kontragentlar reyestrida aks ettirilgan bo‘lib, go‘yoki bizni, soliq to‘lovchilarni, ehtimoliy “vijdonsiz” yetkazib beruvchilardan (mening nazarimda, munozarali asos) xabardor qilish uchun.

Va aynan shu parametrga muvofiq soliq organlari QQS bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni qaytarish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishda “QQSni hisob-kitobi” hisobotini tuzatishni buyuradilar.

Xo‘sh, bu raqamlar qay darajada aniq va qonuniy asosga ega? Keling, bu borada o‘z fikrimni bayon qilaman. Bundan tashqari, quyida:

  • “QQS uzilishi koeffitsiyenti”ning o‘zi qat’iy va xolisona parametr emasligi;
  • “koeffitsiyent”ni asos qilgan holda, qaytarish tavsiya etilmagan QQS summalari to‘g‘ri emasligi va kontragent korxonalarning haqiqiy soliq qarziga mos kelmasligi;
  • soliq organlari yo soliqlarni to‘liq undirish bo‘yicha o‘zlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasliklari yoki risklarni tahlil qilish va soliqqa oid huquqbuzarliklarni monitoring qilishning algoritmlaridan atayin noto‘g‘ri va xatoliklar bilan foydalanishlarini tasdiqlab, ko‘rsatib bermoqchiman.

Yana jumboqli “QQS uzilishi koeffitsiyenti” haqida

Ushbu parametr muomalaga kiritilganidan (2021-yil 22-dekabrdan) bir yarim yil vaqt o‘tdiyu, uning mohiyatiga oid savollar nafaqat barham topmadi, balki yanada ko‘paydi (eng kamida, men uchun). Bundan keyin matnda soddalashtirish uchun qisqa “koeffitsiyent” atamasidan foydalanaman.

Nimani ko‘rib turibmiz?

Birinchidan, uning maqomi to‘g‘risida hali ham biror me’yoriy hujjat mavjud emas. To‘g‘ri, “koeffitsiyent” allaqachon bir nechta me’yoriy hujjatlarda tilga olingan, biroq uning qonuniy ahamiyatga ega bo‘lgan maqomi hali belgilanmagan. Va bu “koeffitsiyent” istisno tariqasida faqat QQSga nisbatan qo‘llanilayotgani sababli, uning ta’rifi Soliq kodeksining 4-bobida (Asosiy tushunchalar) mustahkamlangan bo‘lishi lozim edi. Biroq, unday emas. Soliq qo‘mitasining veb-saytida 2021-yil 23-dekabridan beri mavjud tushuntirish esa me’yoriy-huquqiy hujjat hisoblanmaydi.

Ikkinchidan, 2020-yil 14-dekabrdagi 489-sonli VMQning hisob-faktura shakli belgilangan 2-ilovasiga haligacha qo‘shimcha kiritilmagan.

Hisob-faktura moliyaviy va soliq hisobotining asosiy hujjatlaridan biri hisoblanadi. Uning shakli yuqorida ko‘rsatilgan 489-sonli VMQ 2-ilovasida belgilangan, bu esa umummajburiy me’yoriy akt! Ushbu qarorning so‘nggi tahririga muvofiq, hisob-fakturada “koeffitsiyent” ustuni mavjud emas. Biroq, bir yarim yil davomida ushbu ustun, mazkur hujjatning belgilangan shakliga zid ravishda, elektron hisob-fakturalarda (EHF) mavjud. Bu faqat menga g‘alati tuyulyaptimi? Adliya vazirligi va Soliq qo‘mitasiga-chi?

Biroq, bu e’tirozlar — huquqiy rasmiyatchiliklar yuzasidan xolos, ularni bartaraf etish qiyin emas.

“Koeffitsiyent”ning amaliyotda qo‘llanilishi va uni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar bundan ham muhimroq.

2021-yil 22-dekabrdan boshlab har bir soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida barcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontragentlarning “QQS uzilishi koeffitsiyenti” to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi reyestr paydo bo‘ldi.

Soliq qo‘mitasining yuqorida aytib o‘tilgan 2021-yil 23-dekabrdan amal qilayotgan tushuntirishida (shuningdek, SHSBning QQSni qaytarish to‘g‘risidagi arizalarimizga yo‘llagan barcha yozma javob xatlarida) soliq uzilishi (TaxGap) — bu soliq to‘lovchi-xaridor tomonidan hisobga olingan, biroq go‘yoki yetkazib beruvchi kontragentlar, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib berishning butun zanjiri bo‘ylab ularning oldingi kontragentlari tomonidan budjetga to‘lanmagan QQS summasi ekanligi ko‘rsatilgan. Go‘yoki kimdir tomonidan to‘lanmagan mazkur QQS summasining nisbiy ulushi “koeffitsiyent” orqali aks ettiriladi.

Soliq qo‘mitasi “koeffitsiyent”ni belgilash Soliq kodeksining 15-moddasida nazarda tutilgan “lozim darajada ehtiyotkorlik” tartibida kontragentlarni baholash uchun faqat axborot ekanligini bir necha bor ma’lum qildi. Ehtimol shundaydir (garchi 15-modda matni mantiqan butunlay boshqa narsani — kontragentning bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini baholashni nazarda tutadi).

Shu bilan birga, shaxsan men bizga tovarlar / xizmatlar yetkazib beradigan tashqi bir korxona qay daражаda intizomli soliq to‘lovchi ekanligini bilish menga nima uchun kerakligini sira tushunolmayman.

Balki, bu Soliq kodeksi soliqlarni to‘liq va o‘z vaqtida undirish majburiyatini yuklagan (Soliq kodeksining 27-moddasi) soliq organlarining o‘zlarini qiziqtirishi kerakdir. Soliq qo‘mitasi ham haqiqiy qarzdorlardan soliq qarzlarini majburiy undirishni ta’minlash uchun yetarli vakolat va vositalarga ega. Bundan kelib chiqadiki, amalda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlovchilar mavjud bo‘lmasligi kerak! Biroq, “QQS uzilishi koeffitsiyenti” soliq to‘lamaydiganlar borligidan dalolat bermoqda. G‘alati…

Keling, kontragentlar reyestrini diqqat bilan ko‘rib chiqamiz. 2023-yil may oyining o‘rtalariga qadar soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida ushbu reyestr mana shu ko‘rinishda edi (1-jadval). Jadval bizning korxonamiz misolida ko‘rsatilgan (STIR va kontragent korxonalarning nomlari, albatta, yashirilgan, oxirgisidan tashqari — biroq barcha raqamlar haqiqiy).

Reyestr aslida ancha katta, bu yerda esa namuna uchun uning faqatgina kichik bir qismi ko‘rsatilgan:

колонка, soliq qo‘mitasi, soliqlar, ққс

O‘ng tarafda oxirgidan bitta oldingi “Tuzatish kiritish lozim bulgan hisobga (zachyot) olingan QQS miqdori” ustuni kishida qiziqish uyg‘otadi. Ushbu ustunda QQS tarkibiga kiruvchi jami summaning “uzilish koeffitsiyenti”ga mutanosib bo‘lgan qismi ko‘rsatilgan. Korxona ortiqcha to‘langan QQS summasini qaytarish uchun ariza berganida, soliq organlari aynan shu qismni QQSni hisoblashdan chiqarib tashlashni buyuradi.

Ayni paytda, “koeffitsiyent”ni qo‘llashda g‘ayrioddiy va mantiqsiz uslubiy qarama-qarshilik ko‘zga tashlanadi. Aynan:

— “QQS hisob-kitobi” oylik hisoboti kiruvchi va chiquvchi EHF reyestrlarida ko‘rsatilgan QQS summalari bo‘yicha shakllantiriladi. Bunday holda, kiritilgan QQS summalariga hech qanday tuzatish kiritilmaydi. Va bu to‘g‘ri! Soliq qo‘mitasi “koeffitsiyent” faqat axborot parametri ekanligini bir necha bor ta’kidladi.

— biroq, agar hisobotda QQS summasi manfiy bo‘lsa, bu summa qoplab berilishi kerakligini anglatadi (Soliq kodeksining 272-moddasi 3-qismi va 274-moddasi 2-qismiga muvofiq), bu holda Soliq qo‘mitasi nimagadir “qoplash uchun” hisoblangan summani “koeffitsiyent”dan foydalangan holda tuzatish kerak, deb hisoblamoqda.

Bu ikki holat o‘rtasidagi qanday farq bor? Hech qanday farq yo‘q. QQSni hisoblash metodologiyasi yagona va deyarli avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

Biroq, agar ikkinchi holatda Soliq qo‘mitasi “koeffitsiyent”dan foydalanishni asosli deb hisoblasa, keling, ushbu metodologiyani umumiy holatda ham qo‘llaylik. Nimaga yo‘q? Bu deyarli barcha soliq to‘lovchilar uchun QQS “zachyot” summasining pasayishiga va shunga mos ravishda budjetga QQS to‘lovlarining oshishiga olib keladi. To‘g‘ri, ayni paytda buning boshqa bir oqibati ham ehtimoldan holi emas — aksariyat soliq to‘lovchilarning ommaviy mojaroga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan noroziligi.

Hozircha esa bor-yo‘g‘i soliqlar orasida eng muhimi — QQSni hisoblashda yaqqol uslubiy “ikki yoqlama mulohaza”ga egamiz. Bu “ikki yoqlama standartlar” deb ataladi. QQS summasini hisoblashning yakuniy natijasiga qarab (salbiy yoki ijobiy), turli xil hisoblash usuli qo‘llanilmoqda (“koeffitsiyent” uchun tuzatilgan yoki tuzatishsiz). Aytishga jur’at etamanki, bu juda “original” va, shubhasiz, munozarali yondashuv.

Lekin bu hali hammasi emas!

Har oyda har bir korxonaning “koeffitsiyenti” yangi kontragentlar paydo bo‘lishi, shuningdek, eski kontragentlarning “koeffitsiyentlari” o‘zgarishiga qarab o‘zgarib turadi, hatto ular bilan uzoq vaqt davomida yangi tijoriy aloqalar amalga oshirilmagan taqdirda ham.

Shunga ko‘ra, kontragentlarning “koeffitsiyentlari” o‘zgargandan so‘ng, qoplash uchun hisobga olinmagan (QQSni qaytarish uchun ariza berishda) QQS summasi ham har oy o‘zgaradi. Takror aytaman, hatto ayrim kontragentlar bilan uzoq vaqt davomida yangi tijoriy aloqalar mavjud bo‘lmagan taqdirda ham, ular bilan operatsiyalar va to‘lovlar oldingi davrlarda amalga oshirilgan bo‘lsa ham.

Tasavvur hosil qilish maqsadida quyida so‘nggi uch oy uchun ayrim kontragentlarimizning “koeffitsiyentlari” aks ettirilgan taqqoslama 2-jadval keltirilgan. Men atayin faqat uzoq vaqt davomida tijoriy aloqalarga ega bo‘lmagan va oldingi bitimlar soni (EHF) minimal — bittadan to‘rttagacha bo‘lgan kontragentlarni tanlab oldim.

колонка, soliq qo‘mitasi, soliqlar, ққс

2-jadvaldan ko‘rinib turibdiki, oydan oyga barcha kontragentlar uchun “koeffitsiyent” kamida kichik miqdorga bo‘lsa-da o‘zgaradi. 8-qatordagi “koeffitsiyent”lar o‘zgarishi esa, umuman olganda, noldan birgacha. Va bu bor-yo‘g‘i uch oy ichida. “Koeffitsiyent” bilan birgalikda korxonamiz uchun QQS chegirmalari (manfiy QQS summasining qaytarishga tavsiya etilmagan qismi) miqdori ham mos ravishda o‘zgaradi, oxirgi bitim uzoq vaqt, bir necha oylar oldin amalga oshirilgan kontragentlar bo‘yicha QQS chegirmalari miqdori o‘zgaradi.

Shunday qilib, faoliyatning o‘tgan davri uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan QQS summasi (matnning boshida biz 2021-yil uchun ortiqcha to‘langan QQSni qaytarishga harakat qilayotganimizni aytib o‘tgan edim) tushunarsiz tarzda qaytarish bo‘yicha ariza topshirilgan oyga bog‘liq.

Bu bugun bitta summa, bir oydan keyin esa boshqa summa bo‘ladi. Chunki belgilangan QQS chegirmalari miqdori kontragentlarning o‘zgaruvchan “koeffitsiyenti”ga mos ravishda har oy o‘zgarib turadi.

Garchi ular bilan tuzilgan bitimlar bir yildan ko‘proq vaqt oldin yakunlangan va biz tomonimizdan (QQS miqdorini hisobga olgan holda) to‘langan bo‘lsa ham. Va QQS chegirmalarining tegishli summalari sezilarsiz o‘zgargandek tuyulishi ham ahamiyatga ega emas.

Muammo aynan hisoblash tamoyilida. Pul va soliqlar hisob-kitoblarda mutlaq aniqlik va bir xillikni hamda mutlaqo aniq huquqiy asoslashni talab qiladi. Lekin ["koeffisiyent" bilan] unday emas! Bunday noaniq va vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turuvchi parametr — “koeffitsiyent” — bir yarim yildirki, “aybsiz” korxonalarning soliq hisobotini so‘zsiz qayta hisoblash uchun asos sifatida faol foydalanilmoqda.

Koeffitsiyent va soliq qarzlari

Joriy yilning boshidan Kontragentlar reyestrida yana bir ustun paydo bo‘ldi — “Soliq qarzi” (1-jadvalga qarang — o‘ngdan oxirgi ustun). Ushbu ustunda har bir kontragent korxonaning haqiqiy soliq qarzi miqdori ko‘rsatilgan.

Va ko‘rinib turibdiki, kontragentlarimizning aksariyatida joriy soliq qarzi mavjud emas. Ya’ni, soliq qarzining mavjudligini nazarda tutadigan “koeffitsiyent” mavjud (u nolga teng emas), qarzning o‘zi esa yo‘q. Va bu ma’lumot Soliq qo‘mitasining o‘zidan olingan bo‘lib, kontragentlar reyestrining bitta yig‘ma jadvaliga joylashtirilgan.

“Koeffitsiyent” ishonchliligining munozarali ekaniga va Soliq qo‘mitasi soliq tahlilining umumiy metodologiyasiga yakuniy munosabat.

Misol tasodifiy, kutilmagan, shunga qaramay, juda aniq-ravshan. Kompaniyamiz (shuningdek, boshqa ko‘plab korxonalar)ning kontragentlari orasida hurmatli va juda kerakli kontragent mavjud — SOLIQ SERVIS DUK (ko‘plab korxonalar ushbu juda qulay EHF operatoridan foydalanadi).

Va bizning kontragentlarimiz reyestridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta soliq qarzi (barcha kontragentlarimiz bo‘yicha qarz miqdorining 94 foizi)… faqatgina SOLIQ SERVIS DUKga tegishli. Shu bilan birga, ushbu korxonaning “uzilish koeffitsiyenti” — nolga teng! (1-jadvalning oxirgi qatoriga qarang).

Uning 2023-yil iyul oyidagi umumiy soliq qarzi qariyb yarim milliard so‘mni tashkil etganini Soliq qo‘mitasining o‘z portalidagi ochiq ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Mana nol koeffitsiyent, mana uning qay darajada ishonchliligi…

Shunday qilib, yuqorida nolga teng bo‘lmagan koeffitsiyentga ega bo‘lgan ko‘pchilik kontragentlarning soliq qarzlari mavjud emasligi ko‘rsatilgan. Va aksincha, nol koeffitsiyentga ega bo‘lgan ayrim kontragentlar esa shunday ko‘rinishdagi soliq qarziga ega. Tushuntirib bo‘lmaydigan qarama-qarshilik. Men bu vaziyatda biror bir tayinli mantiq topa olmadim.

Biroq, juda aniq va boshqa dalillarni talab qilmaydigan bir narsa bor: Soliq qo‘mitasining soliq tahlili metodologiyasida va uning dasturiy mahsulotlar algoritmida nimadir noto‘g‘ri.

Va buning ustiga soliq organlari tomonidan korxonalarning standart soliq hisobotlarini yaqqol shubhali “uzilish koeffitsiyenti” asosida tuzatish to‘g‘risidagi qat’iy talabi mutlaqo asossiz bo‘lib chiqadi.

Soliq qarzdorligi bo‘lganlar-chi?

Soliq qo‘mitasining ko‘p sonli tushuntirishlariga qaraganda, “koeffitsiyent”ning nolga teng bo‘lmagan ko‘rsatkichi ushbu korxonalarning o‘zlari yoki ularning oldingi tovarlar (xizmatlar) yetkazib beruvchi kontragentlari tomonidan budjetga to‘lanmagan QQS summasi mavjudligini bildiradi. Biz bu tushuntirishni qabul qilamiz.

Va “koeffitsiyenti” nolga teng bo‘lmagan kontragentlarimizga soliq qarzdorligi mavjud kontragent sifatida qaraymiz (“koeffitsiyent”ning yuqorida keltirilgan ta’rifiga ko‘ra).

Biroq, 2-qismda guvohi bo‘lganingizdek, “koeffitsiyenti” nolga teng bo‘lmagan ko‘plab korxonalarda soliq qarzdorligi mavjud emas (eng kamida, bizning korxonamizning kontragentlari orasida aynan shunday). Ularning o‘zlarining soliq qarzlari yo‘q.

Tasavvur qiling, soliq qarzdorligi ulardan oldingi yetkazib beruvchi kontragentlarida mavjud. Soliq qo‘mitasining tushuntirishlarida mazkur nyuans ham nazarda tutilgan. Ta’minot zanjiridagi bu “uzoq” kontragentlarning qarzdorligi mavjud yoki yo‘qligini esa men tekshira olmayman, men ularni bilmayman va ko‘rmayman (va mening faoliyatimga mutlaqo tashqaridagi korxonalarning qarzlarini ko‘rishni ham istamayman).

Va yuqorida — avvalgi qismda men aytib o‘tgan qarama-qarshilik shu bilan barham topgandek.

Mana sizga izoh — qarzlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontragentdan emas, balki uning bizga noma’lum bo‘lgan oldingi yetkazib beruvchilaridan. Shuning uchun “koeffitsiyent” nolga teng emas. Biroq, yo‘q, qarama-qarshilik barham topmagan va rad etilmagan ko‘rinadi.

Aksincha, yangi savollar tug‘iladi. 2-jadvalga qaytsak, undan yana bir muhim fakt kelib chiqadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, 2-jadvalda men atayin kam sonli EHFga ega bo‘lgan kontragentlarni yig‘dim va, eng asosiysi, tijoriy aloqalar uzoq vaqt oldin to‘xtatilgan kontragentlarni tanlab oldim. Ushbu jadvalga “oxirgi EHF sanasi” ustunini qo‘shdim (o‘ng tomondan oxirida), bu yerda kontragentlar bilan oxirgi bitimlar qachon amalga oshirilganligi ko‘rsatilgan — olti oydan ikki yilgacha bo‘lgan vaqt oldin.

Ushbu kontragentlar bilan uzoq vaqt oldingi tijoriy munosabatlarimizga qaramay, men ularning joriy holatini atayin tekshirib ko‘rdim — 2-jadvalda ko‘rsatilgan, bugungi kunda — 2023-yil iyun holatiga ko‘ra “koeffitsiyent”ning yuqori ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan, barcha “uzoq vaqt oldingi” kontragentlarimiz “faol” maqomiga ega (Soliq qo‘mitasi veb-saytidan olingan ma’lumot).

Ya’ni, bir-ikki yil oldin, ushbu korxonalardan biror narsa sotib olgan paytimizda, ehtimol, ularning soliq qarzi haqiqatda bo‘lgandir (bu ularning o‘sha paytdagi nolga teng bo‘lmagan “koeffitsiyenti”da aks etgan). Va shuning uchun biz tomonimizdan to‘langan QQSning bir qismi hisobga olinmagan bo‘lishi mumkin. Mayli, shunday ham deylik (aslida bunday bo‘lmasa ham). Biroq, joriy davr uchun, olti oy yoki bir yoki ikki yil o‘tgach, ushbu kontragentlar bo‘yicha QQS chegirmalarining summalari hali ham reyestrda qolmoqda.

Bundan keli chiqadiki, o‘tgan bir-ikki yil ichida hech narsa o‘zgarmagan va bu qarzdorlik ulardan hanuzgacha undirilmaganmi? Nega? Nahotki korxona shu qadar uzoq davrdagi eskirgan soliq qarzdorligi bilan ishlayverishi mumkin? Yoki bu korxonalar hali ham soliq to‘lashdan ashaddiy bo‘yin tovlovchilar safida ekanligicha qolmoqda va joriy davrda yuzaga kelgan “yangi” soliq qarzlariga egami? Ehtimol shundaydir.

Biroq, ularning joriy davrdagi soliq qarzining biz bir-ikki yil avval ularga qilgan to‘lovimizga hech qanday aloqasi yo‘q.

Nahotki shunday uzoq vaqt ichida soliq organlari soliq qarzlarini — agar ular mavjud bo‘lgan taqdirda, korxonamizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontragentlaridan ham, ularning tovarlar va xizmatlarning uzun yetkazib berish zanjiridagi bizga noma’lum oldingi kontragentlaridan ham — talab qilmagan bo‘lsa.

Bu vaziyatda faqat ikkita versiyadagi izoh mavjud:

  • Soliq organlari Soliq kodeksining 27-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarmayapti — men bunga ishonmayman!
  • Monitoring va risklarni tahlil qilish dasturi noto‘g‘ri algoritm bo‘yicha ishlaydi yoki bu vosita asl maqsadi bo‘yicha foydalanilmayapti — boshqa izoh ko‘rmayapman.

Allaqachon (oylar, bir yil yoki undan ko‘proq vaqt oldin) yopilgan hisobot davrlaridagi bitimlar bo‘yicha kontragentlar tomonidan to‘lanmagan QQS miqdori mavjudligini boshqa hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi, garchi bu o‘tgan davr mobaynida kontragentlar o‘zlarining tijorat faoliyatini davom ettirayotgan va har oyda joriy soliq hisobotlarini taqdim etib kelayotgan bo‘lsa ham.

Bu bizning kichik korxonamiz Kontragentlarining odatiy reyestrini ko‘rib chiqishdan kelib chiqqan mening xulosalarim va taxminlarim. O‘ylaymanki, bu yerda keltirilgan muammolar va shubhalar faqatgina meni tashvishga solmaydi.

Soliq organlaridan iltimos qilardim: “aybsiz” korxonalardan boshqalarning qarzini ushlab qolishga to‘g‘ri kelmasligi uchun, ayrim sabablarga ko‘ra tegishli soliqlarni to‘lamayotganlarga ularni to‘liq to‘lashlarida “yordam bering”.

Bu yerda aytilganlarning barchasi menda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarga asoslangan. To‘liq tan olamanki, kichik korxona rahbari lavozimidan hamma narsa birdek ko‘rinmaydi. Shuning uchun bu yerda keltirilgan ayrim xulosalar va bayonotlarning hammasi ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Va agar shunday bo‘lgan taqdirda, bundan ko‘ra ishonchliroq fikrni bilishni va to‘liqroq ma’lumot olishni, agar mantiqiy xulosalarimda xatolik bo‘lsa, o‘sha xato nimada ekanligini bilishni istardim. Nazarimda, buni bilish shunga o‘xshash muammoga duch kelgan har bir kishi uchun qiziq.

Vladimir Srapionov — Toshkentdagi korxonalardan birining direktori.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.