The Washington Post nashrining xabar berishicha, AQSh Qirg‘iziston hududi orqali sanksiya qo‘llangan mahsulotlar, xususan, Xitoy dronlari Rossiyaga yetkazib berilayotgani sababli mamlakatga qarshi sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda.

Nashrga bu haqda AQSh prezidenti administratsiyasidagi manbalari ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar iyul oyi oxirigacha kiritilishi mumkin. Aynan qanday cheklov choralari haqida gap ketayotgani hozircha noma’lum, lekin bunday hollarda avvalroq sanksiyalar va ba’zi kompaniyalarning “qora ro‘yxat”ga kiritilishi kuzatilgan.

Qirg‘izistonning Rossiyaga eksporti umumiy hajmi 2022-yilda urushdan oldingiga nisbatan 250 foizga oshgan.

Nashr Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishi va undan keyin qo‘llangan sanksiyalar tufayli Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi g‘ayritabiiy darajada o‘sganini qayd etgan. Amerikalik va yevropalik diplomatlarning Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka bir necha oylik tashriflari samarasiz kechgani tufayli Bayden ma’muriyati mamlakatga bosim o‘tkazish uchun yangi iqtisodiy choralarni tayyorlamoqda, deyiladi xabarda.

The Washington Post, shuningdek, Qirg‘izistonning AQShdagi elchixonasidan bu bo‘yicha izoh so‘ragan. Elchixona bunga javoban mamlakat noqonuniy savdoga qarshi kurashda qat’iy pozitsiyada ekanini qayd etgan. Elchixona rasmiylari Rossiya bilan savdo-sotiqning o‘sishini chegaradan o‘tayotgan tovarlarni kuzatish tizimi takomillashtirilgani, shuningdek, Rossiya mamlakatning asosiy savdo sheriklaridan biri bo‘lib, uning hududida bir millionga yaqin Qirg‘iziston fuqarosi istiqomat qilayotgani bilan izohlagan.

Avvalroq AQSh Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Ular orasida “Ohangaronsement”, Ucell ulushiga ega bo‘lgan Digital Invest va O‘zbekistondagi markalash tizimining operatori va boshqalar bor. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari ham sanksiyalar ostida qolgandi.