O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Buxoro shahridagi “Hovli poyon” uyida jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey tashkil etilmoqda, deya xabar qildi jamg‘arma matbuot xizmati.

1860−70-yillarda qurilgan va “G‘oziyon” mahallasida Gavkushon madrasasi yonidagi uy mashhur ziyoli, ma’rifatparvar, O‘rta Osiyo jadidchiligi yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevga tegishli bo‘lgan.

“Aynan shu uyda ilk bor yangi usuldagi maktablardan biri ochilib, o‘quvchilarga zamonaviy ta’lim tizimiga mos ravishda ona tili, matematika, tarix, geografiya va boshqa fanlar bepul o‘qitilgan”, — deyiladi xabarda.

jadidlar, маданият va санъатни rivojlantirish jamg‘armasi

Uyning yaxshi saqlanib qolgan eski qismida zarur restavratsiya ishlarini olib borish, shuningdek, yangi binolarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Muzeyda jadidchilik namoyandalarining qo‘lyozmalari va shaxsiy buyumlaridan iborat yangi ekspozitsiya hamda jadidchilik tarixini ochib beruvchi maxsus yaratilgan multimediya tizimi o‘rin oladi.

Muzey qoshida jadidlar merosini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markaz tashkil etish ham rejalashtirilgan. Olimlar ilmiy faoliyat uchun barcha sharoitlarni ta’minlovchi materiallar va arxivlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Muzeyni tashkil etish tashabbuskorlaridan biri — Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning o‘g‘li Timurxo‘ja bo‘lajak muzey fondiga qadimiy qimmatli qo‘lyozmalarni o‘z ichiga olgan boy kutubxonasini hamda zamonaviy adabiyotlarning keng to‘plamini sovg‘a qiladi.

jadidlar, маданият va санъатни rivojlantirish jamg‘armasi

Prezident administratsiyasi kommunikatsiyalar shu’basi mudiri Saida Mirziyoyeva jamg‘arma “noyob tarixiy binoni davlatga qaytarganini” ta’kidladi.