Isroilda 18-iyul tongidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab sud-huquq islohotlariga qarshi yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda, deb yozdi The Times of Israel.

Minglab odamlar “Norozilik kuni” doirasida o‘nlab shaharlarda yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, bir qanchalarida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ldi.

Tel-Avivda namoyishchilar mamlakat mudofaa armiyasi shtab-kvartirasida Isroil bayrog‘ini tushirdi, bir guruh zaxiradagi harbiylar esa binoga kirishni to‘sib qo‘ydi. Oxirgi oylarda harbiylar agar hukumat sud-huquq islohotlarini o‘tkazsa, xizmatni to‘xtatishi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Ularga ko‘ra, “demokratik bo‘lmagan Isroilda” xizmat qilib bo‘lmaydi.

Namoyishchilar Tel-Aviv fond birjasi va vokzallarga kirish yo‘llarini ham to‘sib qo‘ygan.

Seshanba kuni kechgacha kamida 24 nafar namoyishchi tinchlikni buzgani uchun hibsga olingan, deyiladi politsiya xabarida.

Isroilda yanvar oyidan beri har hafta sud tizimi islohotiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilib kelinmoqda. Mart oyida bosh vazir Binyamin Netanyaxu ommaviy namoyishlar va ish tashlashlar fonida islohotlar loyihasini to‘xtatib qo‘ygandi.

Kelayotgan yakshanba kuni sud-huquq islohoti haqidagi qonun loyihasi Knesset — Isroil parlamentida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Isroil matbuoti xabarlariga ko‘ra, Netanyaxu qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritishni ko‘rib chiqmoqda.

Sud-huquq islohotining mohiyati nimada?

Binyamin Netanyaxu joriy yilning yanvar oyida saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng sud-huquq islohotlarini amalga oshirish rejasini e’lon qilgan. Uning asosiy maqsadi Oliy sud vakolatlarini zaiflashtirishdan iboratdir. Xususan, islohot quyidagilarga qaratilgan:

  • Oliy sudning mamlakat konstitutsiyasi vazifasini o‘taydigan Isroil Asosiy qonunlarining qonuniyligini tekshirish vakolatini olib tashlash va parlamentga ko‘pchilik ovoz bilan Oliy sud qarorlarini bekor qilish vakolatini berish;
  • Oliy sud sudyalarini tayinlashda hukumatga hal qiluvchi ovoz berish orqali saylanish usullarini o‘zgartirish.

Islohot tanqidchilari sud-huquq islohoti mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, deb ta’kidlamoqda.