Milliy TV telekanalining chorshanba kungi “Millar” ko‘rsatuvida 12-iyul kuni Toshkentdagi 4-sonli avtbus saroyida yuz bergan mushtlashuv haqida ma’lumot berildi.

Avtobus haydovchisining rafiqasi K. Sh. turmush o‘rtog‘i avtoparkka shippakda kelgani uchun kaltaklanganini ma’lum qildi.

“Hozir ahvoli og‘ir, kasalxonada yotibdilar. Operatsiya qilishdi… Hatto itgan ham bunaqa muomalada bo‘linmaydi. Xo‘p, yoqmasa, garajdan bo‘shatib yuborishsin. Hozir boshini ko‘tarolmayapti, ahvoli juda og‘ir. Uch farzand bilan keyin nima qilaman?” — dedi ayol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, erining burni, yuz suyaklari singan, miyasi chayqalgan va bu uning bir oy davomida ishlashiga to‘sqinlik qiladi.

Avtopark yuristi Rustam Norboyevning aytishicha, haydovchi o‘sha kuni korxonaga shippak, shortik va futbolkada “ichki tartib qoidalarini buzgan holda” kelgan.

“Texnika va ishlab chiqarish muhandisi uni profilaktik suhbat uchun xonasiga chaqirgan. Suhbat jarayonida haydovchi va mutasaddi xodim o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik tufayli janjal kelib chiqdi”, — dedi u.

Avtopark vakilining ta’kidlashicha, ular keyinchalik injener mashinasida inshootni tark etishgan. “Korxona hududidan tashqarida nima holat bo‘lgani bizga noma’lum. Ammo muayyan vaqt o‘tganidan keyin ular qaytib keladi hamda haydovchimizning akasi va ularning bir nechta tanishlari hamda bir nechta og‘aynilari, jami to‘rt yoki besh kishi mast holatda korxonaga kelib, muhandisimizni haqoratlab, so‘kib, urish boshlanib ketadi. Xodimlarimiz jarohat oldi”, — deydi Rustam Norboyev.

Muhandis o‘zi ham jarohat olganini aytdi, biroq telekanalga intervyu berishdan bosh tortdi.

Toshkent shahar IIBB Sergeli tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani, tan jarohatlarining og‘irligini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangani haqida xabar berdi.

Poytaxtdagi avtobus parklariga rahbarlik qiluvchi “Toshshahartransxizmat” korxonasi avtoparkning texnik-ishlab chiqarish muhandisi A.K. haydovchini shu kuni profilaktik suhbat o‘tkazish uchun o‘z kabinetiga taklif qilganini tasdiqladi. Xabarda aytilishicha, muhandis bir necha bor haydovchidan hududni tark etishni so‘ragan, shundan so‘ng u chiqib ketgan.

“Ammo ma’lum bir vaqt o‘tgach haydovchi Q. Sh. o‘zining 5 nafar yaqini (akasi va do‘stlari) bilan korxona hududiga kelib, korxona texnika va ishlab chiqarish bo‘yicha muxandisi A. Q.ga nisbatan e’tiroz bildirib janjallashib ketishgan”, — deyiladi xabarda.

“Mojaro natijasida haydovchi, uning ukasi va muhandis jabrlangan”, — deyiladi kompaniya xabarida.