O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3-iyuldagi farmoni bilan ham davlat, ham nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga, shu jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallariga o‘qishga qabul qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Oldinroq davlat oliy o‘quv yurtlari magistraturasiga yiliga ikki marta — avgust va yanvar oylarida qabul tashkil qilingandi. Avgust oyida — tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq, yanvar oyida — dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshirilgan.

Endilikda davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallarining bakalavriat va magistratura yo‘nalishlariga qabul bir o‘quv yilida bir marta — iyundan sentabrgacha amalga oshiriladi.

Farmonda shunday band borki, zarur hollarda oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga bir o‘quv yilida ikkinchi marta qabul qilishga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining taklifiga asosan Davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yo‘l qo‘yiladi.

Universitetlarning akademik mustaqilligi nima beradi?

Prezident almashganidan so‘ng darhol ishlab chiqilgan 2017−2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “akademik sohada, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, o‘quv jarayonini tashkil etish, pulli xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligini bosqichma-bosqich rivojlantirish” ko‘zda tutilgan.

2020-yil uchun Oliy ta’lim vazirligining ta’lim mazmuniga aralashmasligini nazarda tutuvchi me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqish rejalashtirilgandi.

Ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qator xorijiy oliy o‘quv yurtlari yiliga bir martadan ortiq talabalarni o‘qishga qabul qilmoqda. Bu butun dunyoda keng tarqalgan amaliyot sanaladi.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov yangilikni xususiy universitetlar faoliyatiga ehtimoliy aralashuv sifatida baholadi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasiga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tartibi ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanadi, — deya eslatdi u.

Qonun hujjatlariga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llanadi. Parlament tomonidan qabul qilingan va prezident tomonidan imzolangan qonunlar prezident va Vazirlar Mahkamasining farmon va qarorlariga qaraganda yuqoriroq yuridik kuchga ega.