Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatda uy-joy qurilishi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qildi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent viloyatidagi “Yangi O‘zbekiston” uy-joy qurilishi loyihasi doirasida Chirchiq, Olmaliq va Nurafshon shaharlarida 3088 xonadonli 59 ta uy qurilishi rejalashtirilgan, biroq loyihalar belgilangan muddatdan kechikmoqda, uylarni sotish jarayoni shaffof emas, dedi hokim.

Uning ta’kidlashicha, Chirchiq shahridagi “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inida beshta pudratchi tashkilot tomonidan 20 uyning qurilish ishlari yakuniga yetkazilgan.

“Bu 49 foiz [degani]. Men borib uylarni ko‘rdim — maymunxona bo‘lib yotibdi. Bu qurilish maydonchasi emas. [U yerga] hokim ham bormagan, sektor [rahbarlari] ham bormagan, hech kim bormagan”, — dedi Zoyir Mirzayev.

Viloyat hokimi Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatovga murojaat qilgan, ammo u yo‘q bo‘lgani uchun uning o‘rniga o‘rinbosari javob bergan, viloyat rahbari darhol uning gapini to‘xtatib, Chirchiq shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini ishdan bo‘shatish haqida ko‘rsatma berdi.

“San gapirma, hokiming kelsa gapirasan, kelmasa, o‘chirib tasha… Shahar-paharingni pishirib ye. Noinsof hammang. Qurilish bo‘yicha o‘rinbosarni lavozimdan olib tashla. Siz bormasangiz, Inoyatov degan „kattakon“ bormasa. Hammasini oyog‘i yerdan uzilgan. To‘rt sektor rahbarlari, prokurorga bergan ko‘rsatmalarim haligacha esimda. Nimaga quruvchilar o‘yin qiladi?”, — dedi Mirzayev.

зойир мирзаyeв, чирчиқ, янги ўзбyeкистон massivlari

Davron Xidoyatov (arxiv). Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Viloyat hokimi Chirchiq shahridagi uy-joylarni sotishda korrupsion sxema mavjudligini ta’kidladi.

“„Otkat“ olyapti, „shapka“ olyapti, ikkita odam boshqaryapti. Sizlarning buni ochgilaring kelmayapti, viloyatdan turib ochib berishimizni kutyapsizlar. Odamlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri uyni sotib olish mumkin degan ishonch yo‘qolgan Chirchiq shahrida. Qurilish tashkilotiga mana bu domni bitkazdingmi degan so‘rov yo‘q. Meni 85−90 foizi tayyor deb bir uyga olib kirdi janob hokim, 50 foiz ham tayyor emas. Beshinchi qavatga chiqqanidan keyin, o‘zi ham birinchi marta chiqdi beshinchi qavatga janob Hidoyatov, tili kalimaga kelmay qoldi”, — deydi Zoyir Mirzayev.

Viloyat rahbari aholini uy-joy bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rahbarlarni “insofsiz” deb atadi. “Chirchiqda yana boshqa nima qilyapsan? Boshqa qanday ishlar bor? Hammasi davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Birontangda tashabbus yo‘q, birontangda yangilik yo‘q, [birontang] bir homiyni jalb qilish yo‘q… Umuman noroziman Chirchiqdagi to‘rtta sektor rahbarlaridan, mutlaqo noroziman” — dedi hokim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston” turar-joy massivlari qurilishini ma’lum qilgan edi. Besh yil ichida ushbu massivlarda 250 mingdan ortiq xonadon barpo etilishi kerak.